Britaniya Bosh vaziri g‘alayonlar ichida qolgan mamlakatida tartibni ta‘minlashga va‘da berdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Londonda o‘tgan 20 yil badalida kuzatilmagan darajadagi jiddiy tartibsizliklar chog‘ida yaralangan 26 yoshli erkak hayotdan ko‘z yumgan.

Ta‘tilini to‘xtatib, Italiyadan ortga qaytgan Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron g‘alayonlar ichida qolgan mamlakatida tartibni tiklashga va‘da berib, parlament vakillarini yozgi ta‘tillaridan chaqirib oldi.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron favqulodda holatlar bo‘yicha hukumat qo‘mitasining yig‘ini ortidan maxsus bayonot bilan ham chiqdi.

Janob Kameronga ko‘ra, bugun kechqurun London ko‘chalariga 16.000 ta politsiya xodimlari safarbar etiladi.

Ammo g‘alayonni bostirish uchun armiyani jalb etish yoki suv purkagichlardan foydalanishga ruxsat berishga oid bosimlar ham kuchaymoqda.

Davomiy tartibsizliklar...

Shanba kungi tartibsizliklar London bo‘ylab yoyilishda davom etarkan, poytaxtning yangidan-yangi tumanlari talon-tarojliklar va yong‘inlar ichida qolgan.

Bu kabi holat Birmingem, Liverpul, Manchester va Bristolda ham kuzatilgan.

Tartibsizliklarning uchinchi kuni, ayniqsa, jiddiy vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan.

Kecha dushanba kuni Londonning shimoliy-sharqiy Hakni tumanida yoshlar guruhlari va politsiya kuchlari orasida qaqshatqich to‘qnashuvlar kelib chiqqan.

O‘smirlardan iborat to‘dalar do‘kon va restoranlarning vitrinalarini chilparchin qilishgan, axlat qutilari va bir nechta avtomobilga o‘t qo‘yishgan.

Buning ortidan Londonning bir qancha janubiy tumanlarida tartibsizliklar boshlanib ketgan.

Pekhem, Lyuishem, Klaphem va Kroydonda yong‘inlar va ommaviy talon-tarojliklar kuzatilgan.

London Ist-Endida joylashgan Ist-Hem tumani ham pogromlarga sahna bo‘lgan.

Kech tunga yaqin esa, bir necha yuz yoshlardan iborat guruh poytaxt janubiy-sharqidagi Uilich tumanidagi uyali telefonlar bilan savdo qiluvchi do‘konlarni vayron qilishgan.

Hattoki, Londonning anchayin boy shimoliy Kemden va Notting-Hill tumanlarida ham tashmachiliklar sodir etilganiga oid xabarlar bor.

Poytaxt Londondan tashqari, Birmengemda ham jiddiy tartibsizliklar yuz bergan.

Dushanba kuni kechqurun bir guruh yoshlar Britaniyaning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Birmingem markazidagi do‘konlarga hujum qilishgan.

Politsiyaning qo‘li kaltalik qilmoqda

Italiyada hordiq chiqarayotgan Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron ham ta‘tilini to‘xtatib, ortga qaytgan.

Bugun tongda janob Kameronning favqulodda holatlar bo‘yicha hukumat qo‘mitasining yig‘inini chaqirishi kutilmoqda.

Zo‘ravonliklar shohidlari esa, o‘zlarini "urush jabhasi"da qolgandek his etganliklarini aytishayotir.

Tartibsizliklar o‘tgan shanba kuni Londonning shimoliy Tottenhem tumanida boshlanib ketgandi.

Uch yuzga yaqin kishi mahalliy politsiya idorasi qarshisida to‘planib, 29 yoshli Mark Dagganning o‘limi yuzasidan tergov jarayoni qanday borayotgani bilan qiziqishadi.

Ammo ular o‘zlari bilishni istagan savollarga javob olisholmaydi.

Mark Daggan 4 avgust kuni politsiya xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgandi.

Hodisa chog‘ida Dagganga o‘t ochgan politsiyachining o‘zi ham yaralangan va politsiya idorasining ta‘kidlashicha, birinchi bo‘lib Mark o‘q uzgan.

So‘nggi voqealarga guvoh bo‘layotgan shohidlarning aytishlaricha, tashmachilar uyushgan holda harakat etishmoqda va bir-birlari bilan radioaloqada bo‘lib, ish tutishmoqda.

Qariyb bir paytning o‘zida Londonning turli tumanlarida yuz berayotgani uchun politsiya kuchlari ham ularga jiddiyroq bas kelishning uddasidan chiqa olishmayotir.

Tajovuzkor ruhdagi yoshlar esa, bundan unumli foydalanishmoqda.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar bilan aloqadorlikda 500 dan ortiq kishi hibsga olingan. Ulardan 45 nafariga rasman ayblov qo‘yilgan. 35 nafar politsiya xodimi yaralangan.