Liviya isyonchilari poytaxt tomon ilgarilamoqdalar

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty
Image caption Liviya isyonchilari oylarki hukumat kuchlariga qarshi kurashmoqdalar.

Liviyadagi isyonchilar poytaxt Tripolidan g‘arbda va janubda joylashgan ikki strategik shahar tomon ilgarilamoqdalar.

Tripolidan 50 km g‘arbroqda joylashgan Zaviya va 80 km janubroqda joylashgan G‘aryan shaharlarida janglar ro‘y berayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Agarda bu shaharlar isyonchilar qo‘liga o‘tsa, Tripoli deyarli qamal vaziyatiga tushishi mumkin.

Tripoliga dengiz yo‘llarini NATO kuchlari to‘sib turishibdi.

Zaviya shahri mamlakat g‘arbidagi yagona neft ishlab chiqaruvchi markazdir va hukumat kuchlarini yoqilg‘i bilan ta‘minlaydi.

Muxbirlarga ko‘ra, hukumat kuchlari bu shaharlar uchun tish-tirnoqlari bilan kurashadigan ko‘rinadilar.

Isyonchilar Zaviyani shu yil boshlarida qisqa muddat egallab olishga muvaffaq bo‘lgandilar.

Ammo hukumat kuchlari ularni tank qo‘shinlarini ishga solib, siqib chiqargandi.

Ayni vaqtda Liviya rahbari Muammar Qaddofiy televideniye orqali yana bir bor nutq so‘zlab, o‘z tarafdorlarini jangga tayyor bo‘lishga da‘vat qildi.

Hukumat so‘zchisi Zaviya va G‘aryan shaharlari hanuz hukumat nazorati ostida ekanligini aytgan.

BBCning Liviyada bo‘lgan muxbiriga ko‘ra, hukumat va muxolifat vakillari polkovnik Qaddofiyning qudratdan ketish yo‘llarini mubohisa qilishga kirishganlar.

Ba‘zi xabar agentliklariga ko‘ra, Qaddofiy va muxolifat vakillari Tunisning Jerba orolida uchrashganlar.

Ammo Liviya rasmiylari bu kabi xabarlarni rad etganlar.

Ular shuningdek, Qaddofiyni xorijga olib ketish uchun Tripoli qo‘nalg‘asiga ikki Janubiy Afrika uchog‘i kelib qo‘nganligi haqidagi xabarlarni ham rad etdilar.