"Suriya elchiliklari xorijdagi suriyaliklarga tahdid amaliyotlariga jalb etilgan"

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Ko‘pincha xorijdagi Suriya elchixonalari qarshisida norozilik namoyishiga chiqqanlar ortidan tushilgan

AQShda chiqadigan Wall Street Journal ro‘znomasiga ko‘ra, suriyalik diplomatlar amaldagi tuzumga qarshi chiqayotgan Curiya vatandoshlarini qo‘rqitishmoqda va ularning Curiyadagi yaqinlari tahdid etilib, qamoqqa tashlanmoqda.

Prezident Obama ma‘muriyati Bashar al-Assad tuzumi xorijdagi elchixonalari bergan ma‘lumotlardan mamlakat tashqarisida yashayotganlarning yaqinlari, xususan, Amerikadagi tinch namoyishlarga qo‘shilgan suriyaliklarni nishonga olishda foydalanayotganiga doir aniq dalillarga ega ekanini aytgan.

Amerika rasmiylariga ko‘ra, Suriya hukumati o‘zining chet mamlakatlardagi elchixonalarini ishga solayapti, bu elchixonalar xorijda yashayotganlar va ularning Suriyada qolgan qarindoshlari haqida ma‘lumotlar to‘playapti.

Wall Street Journal mana shu xabarlar qanchalar to‘g‘riligini tekshirish maqsadida qator AQSh fuqarolari bo‘lgan asli suriyaliklar bilan suhbatlashgan, shulardan olti nafari Suriyaning Vashingtondagi elchixonasi xodimlari norozilik namoyishlari ishtirokchilarining orqasidan tushganlari va suratlarga tushirganlariga guvoh bo‘lgani haqida aytganlar.

Suriyaliklar so‘zlariga ko‘ra, Suriyaning AQShdagi elchisi Amerikadagi Arab diasporasi vakillari bilan uchrashuvlarda suriyalik dissidentlarni "sotqinlar" deb yomonotliq qilishga erishishga uringan.

AQSh Davlat departamenti Suriyaning elchisi Imod Mustafoga tanbehnamo ogohlantirish bergan, AQSh Federal Qidiruv Byurosi suriyaliklarga po‘pisalar bo‘layotgani da‘volari yuzasidan tergov boshlagan.

Suriyaning chet mamlakatdagi elchiligi xodimlarining xorijdagi suriyaliklarni ta‘qib etayotgani ilk yangilik emas.

Londondagi namoyishlarga chiqqan suriyaliklar ham namoyishlarda o‘zlarini Suriyaning Britaniyadagi elchixonasi xodimlari suratga olishgani haqida xabar qilganlar.

Shundan keyin ayrimlarga telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘lgan, ayrimlarning Suriyadagi qarindoshlari oldiga borgan xavfsizlik xizmati xodimlari Londondagi namoyishlarda olingan suratlarni ko‘rsatib, yaqinlariga tahdid qilishgani haqida shikoyat qilganlar.

Iyun oyining oxirida mana shu xabarlar tufayli Suriyaning Londondagi elchisi Sami Hayomiy Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, diplomatiya sohasi xodimlarining o‘zini bunday tutishi qabul qilib bo‘lmas hol, deya norozilik izhor etilgan.

Wall Street Journal Suriyaning Ovro‘po mamlakatlaridagi va Latin Amerikasidagi elchiliklari tahdidlar bilan shug‘ullangani aniqlangani haqida xabar qilgan.

Suriya hukumati 17 avgust kuni po‘pisalar haqidagi ayblovlarni rad etib chiqqan.

Latakiyani to‘rtinchi kun hukumat kuchlari hujumga tutmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Ayni paytda Suriyaning o‘zidan to‘rtinchi kundirki, bandargoh shahar Latakiyani Suriya qo‘shinlari hujumga tutayotgani haqida xabarlar olinmoqda.

Faollar va Latakiya mahalliy aholisi hamon qattiq otishma va portlash ovozlarini eshitayotganlari haqida aytishayapti, shanba kunidan buyon Latakiyada kamida 34 inson halok bo‘lgani xabar qilingan.

Ma‘lumki, Suriya rasmiylari mamlakatning yirik shaharlariga bittama-bitta qilib chiqayotgan hujumlarini "oddiy fuqarolarning talabiga ko‘ra, ularning tinchligini ta‘minlash maqsadida shaharlarni qurolli terrorchilardan tozalash amaliyotlari" deb atayaptilar, Latakiyaga hujumlar bu shaharda yirik aksilhukumat namoyishi tashkil etilganining ertasi kuni boshlangan.

Guvohlarga ko‘ra, hukumat shaharni bombardimon qilish uchun tanklar va harbiy kemalardan foydalangan.

Suriya rasmiylari dengizdan hujum bo‘lganini rad etmoqdalar.

Latakiya yaqinida falastinliklar qochqinlarning yirik jamloqlaridan - Al-Ramel jamlog‘i joylashgan, u yerdagi 5 ming qochqin jamloqni tashlab ketishga majbur bo‘lganlar.

Zo‘ravonliklarni to‘xtatish talabi bilan Suriya hukumati amallarini qoralash ohangi ham kuchayotgani kuzatilmoqda, xususan, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg "janob Asad o‘zining mashru‘ligining eng oxirgi bo‘laklarini ham yo‘qotayapti", deb aytdi.

Mart oyida boshlangan Suriya hukumatining aksilhukumat chiqishlarini bostirish amaliyotlari davomida inson haqlari faollari 1827 tinch fuqaro halok bo‘lgan, deyishadi.

Suriya rasmiylariga ko‘ra, shu vaqt mobaynida 416 hukumat harbiylari ham halok bo‘lgan.