Amerika: tamaki ishlab chiqaruvchi shirkatlar hukumatni mahkamaga berishdi

Image caption Agar tamaki shirkatlari mahkama ishini boy bersalar, 2012 yil sentyabridan boshlab, sigaret qutilari ustiga o‘xshash ogohlantirishlar qo‘yiladi

AQShdagi besh tamaki shirkati Mahsulotlar va dorilar sifati ustidan nazorat departamentini mahkamaga berdi.

Tamaki shirkatlari sigaret qutilariga chekishning dahshatli oqibatlarini aks ettiruvchi suratlarni nashr etishni talab qiluvchi qonunning bekor etilishini istashadi.

2009 yilda qabul qilingan mazkur qonunga muvofiq, 2012 yil sentyabridan boshlab Amerikadagi tamaki ishlab chiqaruvchi shirkatlar chekish zarari haqidagi ogohlantirishlarni sigaret qutilariga joylashtirishlari shart.

Ushbu suratlarda kashanda o‘pkasi, o‘lik insonlar jasadi va chirigan tishlar aks etishi lozim bo‘ladi.

Qonun talabiga ko‘ra, ogohlantiruvchi suratlar sigaret qutilarining yuqori qismiga joylashtirilishi va tamaki mahsulotlari reklamasining kamida 20 foizini egallashi shart.

RJ Reynolds Tobacco (Camel va Winston savdo markalari), Lorillard Tobacco (Newport va True), Commonwealth Brands (Davidoff va West markalari), shuningdek Liggett Group va Santa Fe Natural Tobacco shirkatlari e‘tiroz bildirishlaricha, kuchga kirajak qonun ularning so‘z erkinligiga oid qonuniy haquqlariga ziddir .

Tamaki shirkatlarining 41 sahifadan iborat shikoyat arizasida tamaki zarari haqidagi dahshatli e‘lonlar iste‘molchilarni tushkinlikka tushirishi va ularni mahsulotni sotib olishdan cho‘chitib qo‘yishi mumkinligi ta‘kidlangan.

Befoyda urinish Shu yil iyunida AQSh Sog‘likni saqlash vaziri Ketlin Sibelius tamakiga qarshi etiketkalar insonlarga zararli odatdan qutilishga yordam berishini aytgan edi.

O‘tgan yili tamaki shirkatlari o‘xshash ishni Kentuki shtatida bo‘lib o‘tgan mahkamada yutqizgan edilar.

Hozirda ayni ish apellyatsiya mahkamasida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Mahsulotlar va dorilar sifati ustidan nazorat departamentiga qarshi ishga Amerikadagi eng yirik tamaki shirkatlaridan biri – Altria qo‘shilmagan. Ushbu shirkat mashhur Marlboro sigaretlarini ishlab chiqaradi.

Amerikaning Saraton kasalliklariga qarshi kurash jamiyati ma‘lumotiga muvofiq, 2011 yilda 220 ming AQSh fuqarosida o‘pka saratoni borligi aniqlanishi kutilmoqda.