Ozarbayjon: 120 mingdan ortiq kishi maktablarda hijobning taqiqlanishiga qarshi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Ozarbayjondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, maktablarda hijobga qo‘yilgan taqiqning bekor qilinishi talabi bilan 124 mingga yaqin kishining imzosi to‘plangan.

Petitsiya tashabbusi bilan Diniy erkinliklarni himoya etish markazi chiqqan.

Markazning "Prezidentga yuz ming kishilik murojaat" nomli kampaniyasi besamar ketmagan ko‘rinadi.

"Regnum" axborot agentligining bildirishicha, aktsiya iyul oyida boshlangan.

Tashkilotchilarga ko‘ra, ikki oy davomida 100 ming kishining imzosini yig‘ish istagida bo‘lishgan.

Ular bundan avval mamlakatda bunaqa tashabbus bilan hech kim chiqmagani uchun biroz shubhada bo‘lganliklarini ham tan olishgan.

Ayon bo‘lishicha, o‘z tashabbuslarining aholi tomonidan qanchalik qo‘llab-quvvatlanganini ko‘rib, aktsiya muddatini uzaytirishga qaror qilishgan.

Xabarlarga ko‘ra, to‘plangan imzolarni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga topshirish rejalangan.

Aktsiyada diniy arboblar, ko‘ngillilar va keksa otaxonlar ham ishtirok etishgan.

O‘tgan yil Ozarbayjon Maorif vazirligi mamlakat maktablarida hijobda kelishni taqiqlagandi.

Vazirlik o‘z qarori sababini hijob o‘quvchilar yurishi shart bo‘lgan maxsus maktab libosi sirasiga kirmasligi bilan izohlagandi.

Mazkur qaror Ozarbayjonda qator norozilik chiqishlariga ham sabab bo‘lgandi.

Bu kabi aktsiyalardan ayrimlari militsiya xodimlari bilan to‘qnashuvlar bilan yakunlangandi.

Bundan 5 yil burun Tojikiston Ta‘lim vazirligi ham mamlakat o‘quv dargohlariga hijobda kelishni rasman man etgandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda hijob o‘ragan ayollarga nisbatan rasmiylar qo‘l urayotgan amallar ham mamlakatda hijobga qarshi yangi kampaniya deb baholangandi.

Mahalliy aholi oldin maktab o‘quvchilari, talaba qizlarga nisbatan kuzatilgan bunday taqiqlar endi ularning onalariga nisbatan ham qo‘llanayotganini aytishgandi.

Huquq-tartibot idoralarining xodimlari ham ayollari va onalari hijobsiz yurishi kerakligi haqida o‘zlariga qat‘iy tavsiyalar berilayotganini bildirishgandi.