Kobuldagi Britaniya konsulligi binosiga hujum qilindi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Afg‘oniston poytaxti Kobuldagi Britaniya konsulligi xudkush hujumchilar tarafidan nishonga olinarkan, kamida 8 inson nobud bo‘lgan.

Og‘ir qurollangan shaxslar qarorgoh tomon yurishdan oldin kamida uchta portlashni amalga oshirishgan.

Hududda hamon otishmalar ovozi eshitilayotgani xabar qilinadi. Hujum boshlanganidan bir necha soat o‘tib, yana bir portlash yuz bergan.

Tolibon hujum Afg‘oniston 1919 yil Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishgan kuni munosabati bilan amalga oshirilganini aytgan.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi voizi: "Biz Afg‘onistondagi Britaniya Konsulligiga qarshi hujum uyushtirilganini tasdiqlaymiz", deya bayonot bergan.

"Elchixona hodisa oqibatlarini bartaraf etayotgan Afg‘on rasmiylari bilan hamkorlik qilmoqda", deydi u.

Rasmiylarga ko‘ra, nobud bo‘lganlarning barchasi afg‘on politsiya xodimlari ekaniga ishoniladi. Qo‘shimcha qilinishicha, 4 hujumchi ham o‘ldirilgan.

'Kamida 9 xudkush hujumchi'

Josuslik manba‘larining BBCga aytishlaricha, hujum uch bosqichda amalga oshirilgan: mahalliy vaqt bilan soat 05:30larda xudkush hujumchi Kobul g‘arbidagi asosiy maydonda tanasiga bog‘langan portlovchi vositalarini ishga solgan. O‘n daqiqa o‘tib, yana bir hudkush hujumchi avtomobilini Britaniya Konsulligi darvozasi tashqarisida portlatgan.

Hududdan evakuatsiya qilingan mahalliy do‘kondorlar to‘qqiz nafarcha yelkaga qo‘yib otiladigan raketalar va og‘ir avtomatlar bilan qurollangan xudkush hujumchilar bo‘lganini aytishgan. Hujumchilar Britaniya Konsulligi binosiga yaqinlasha turib, AK 47 rusumli qurollarni ham ishga solishgan.

Keyin politsiya bilan bir necha soat otishmalar boshlanib ketgan. Mahalliy aholi hali hamon o‘q ovozlarini eshitayotganlarini aytishgan. Ularga ko‘ra, bir qurolli hamon jang etmoqda.

Avvalroq, politsiya manba‘lari BBCga "8 yoki 9 xudkush hujumchi" Britaniya Konsulligi binosiga kirishganiga ishonishlarini ma‘lum qilishgandi.

"Ular kuni bo‘yi jang qilishga yetarli qurollar bilan kelishgan", deb aytgan politsiya rasmiylari.

Kobul rasmiylariga ko‘ra, hujumdan ko‘p o‘tmay, hodisa joyiga britan askarlari yetib borishgan, afg‘on politsiya xodimlari ularga dastak berishmoqda.

Portlashlar tufayli qarorgoh devorlaridan biri qulab tushgan va bir qator afg‘on politsiyasi xodimlari devor ostida qolgan bo‘lishlari mumkinligidan xavotirlar bor.

Qisman hukumat tarafidan moliyalangan Britaniya Konsulligi asosan madaniy dasturlar bilan shug‘ullanadi.

"Ammo, Tolibon yaqindan Afg‘onistonning har qanday joyida hujumlar uyushtirishga qodir ekanini namoyish etmoqda", deydi BBCning Kobuldagi muxbiri Kventin Somervil.