Liviya: isyonchilar Qaddofiy boshi uchun pul taklif qilishmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Liviyalik isyonchilar polkovnik Qaddofiy boshi uchun 1,7 million dollar mukofot e‘lon qilishdi.

Ular shuningdek polkovnikni o‘ldirgan yoda topshirgan yaqinlarini avf etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Qaddofiyning qayerda ekani ma‘lum emas, ammo isyonchilarning ta‘kidlashlaricha, u yo haliyam Tripolida yoki Liviya poytaxti atrofida yashiringan.

Tripolining ba‘zi nuqtalarida Muammar Qaddofiyga sodiq kuchlar hamon isyonchilarga qurolli qarshilik ko‘rsatishmoqda.

Chorshanbaga o‘tar kechasi poklkovnik Qaddofiy audio bayonot tarqatib, "yo g‘alaba qilaman yoki shahid bo‘laman" deb aytgan.

Seshanba kuni isyonchilar tomonidan ishg‘ol etilgan Muammar Qaddofiyning shaxsiy qarorgohi - Bob al-Aziziyada ham otishmalar davom etgan.

Qaddofiyga sodiq kuchlar sohil bo‘yida joylashgan polkovnikning ona shahri - Sirt hamda Liviya janubidagi bir necha muhim nuqta ustidan nazoratni saqlab turishibdi.

"Qaddofiy kuchlari va uning sheriklari Qaddofiy ushlanmasa yoki yo‘q qilinmasa, qarshilikni to‘xtatishmaydi", - deb bayonot berdi isyonchilarning Milliy o‘tish kengashi boshlig‘i Mustafo Abdul Jalil.

U isyonchilarni qo‘llab-quvvatlagan tijoratchilar tomonidan "tirik yoki o‘lik" polkovnik boshi uchun 1,7 million dollar mukofot puli taklif etilganini tasdiqladi.

Isyonchilar matbuot kotibi Gumma Gamati so‘zlariga ko‘ra, ushbu taklif eng avvalo Qaddofiy doirasiga - eng avvalo "u bilan insoniyat va Liviya xalqiga qarshi jinoyatlarda sherik bo‘lgan" shaxslarga qaratilgan.

"Endi ularda ulkan ruhiy rag‘bat bor," – dedi Gamati. – "Agar ular o‘z jonlarini saqlab qolmoqchi bo‘lsalar va u bilan birga mahkamaga tortilishni istamasalar, unda yo uni topshirishadi yoki o‘ldirishadi".

Bundan tashqari, isyonchilar agar Qaddofiy hukumatdan voz kechganini e‘lon qilsa, unga mamlakatdan chiqib ketishiga izn berishlarini aytganlar.

Biroq Gamati polkovnik Qaddofiyning bu taklifga rozi bo‘lishi dargumon ekanini aytgan.

"Men u mamlakatdan ketgandan ko‘ra yo asir tushadi yoki halok bo‘ladi", - dedi isyonchilar vakili BBC bilan suhbatda.

Tripolida yakshanba kunidan buyon kechgan janglarda, Milliy o‘tish kengashi hisob-kitobiga ko‘ra, 400 ga yaqin odam halok bo‘lgan.

Isyonchilar hukumati rahbari Maxmud Jibril ularga zudlik bilan 2,5 mlrd dollar yordam kerak bo‘lishini aytdi.

Bu pullar davlat xizmatchilari maoshini to‘lashga va turli insonparvarlik yordamlariga kerak, deyishadi isyonchilar vakillari.

Isyonchilar shuningdek o‘z qarorgohlarini Beng‘ozidan Tripoliga ko‘chirish niyatidalar. Ammo janglar tufayli ayni rejani kamida bir haftaga kechiktirganlar.