BMT Liviyada zo‘ravonlik va intiqom amallaridan tiyilishga chaqirdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Liviyadagi mojaroga aralashgan barcha tomonlarni zo‘ravonlik va intiqom amallaridan tiyilishga chaqirdi.

Tashkilot chaqirig‘i ham isyonchilar va ham Muammar Qaddofiyga sodiq bo‘lgan kuchlar tomonidan intiqom amallari va mahkamasiz o‘ldirishlar sodir etilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan bir pallada yangramoqda.

Birlashgan Millatlar shuningdek fevral oyida Qaddofiy rejimiga qarshi jazo choralari kiritilgan paytda muzlatib qo‘yilgan Liviyaga tegishli 1,5 milliard dollar mablag‘ni ochib yuborishga rozi bo‘lgan. Ushbu pullar Liviya xalqiga yordam yetkazib berish uchun sarflanishi rejalanmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi qoshidagi qo‘mita qarori Janubiy Afrika Respublikasi talabi bilan hujjatdan isyonchilarning Muvaqqat Milliy Kengash so‘zlari olib tashlanishi ortidan olingan.

Janubiy Afrika Respublikasi boshqa qo‘shni davlatlar singari hali isyonchilarni Liviyaning mashruiy hukumati deb tan olmaganini ta‘kidlagan.

Tripoli ustidan nazorat

Liviyalik isyonchilar hozirga kelib Liviya poytaxti Tripolining aksar qismlarini nazorat etmoqdalar.

Ammo shahardagi bir necha nuqtani Qaddofiy kuchlari hamon o‘z qo‘llarida ushlab turishibdi.

Payshanba kuni eng kuchli otishmalar Tripolining Abu Salim mintaqasida yuz bergan.

Isyonchilar shuningdek Qaddofiyning ona shahri Sirtga hamla qilganlar, biroq keskin qarshilikka duch kelganlar.

Sirta shahrining NATO havo kuchlari tomonidan bombalangani haqida xabarlar tarqalgan.

Payshanba oqshomida isyonchilarning Muvaqqat Milliy Kengash qarorgohi mamlakat sharqidagi Beng‘ozi shahridan Tripoliga ko‘chirilishi e‘lon qilingan.

Qiynoqlar va qotilliklar

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Odamlar qiynoqqa solinayotgani va o‘ldirilayotgani haqidagi xabarlarni tekshirib ko‘rish qiyin, ammo bu ish bilan Liviyadagi hodisalarni tekshirish bo‘yicha tuzilgan Komissiya shug‘ullanadi, deya bayonot berdi BMTning inson haqlari masalalari bo‘yicha matbuot kotibi Rupert Kolvill.

"Biz Liviyada qudratga ega bo‘lgan barcha kuchlarni, jumladan dala qo‘mondonlarini, hech qanday jinoyat yoki qasos amallari sodir etilmasligi uchun zaruriy choralarni qo‘llashga chaqiramiz", - deya ta‘kidladi Rupert Kolvill Reyter agentligi bilan suhbatda.

BMT avvalroq Liviya mojorasi paytida sodir etilgan ba‘zi amallar harbiy jinoyat yoki insoniyatga qarshi jinoyat deya ko‘rilishi mumkinligini e‘lon qilgandi.

Payshanba kuni BBC muxbiri Rupert Uingfild Heyz 17 isyonchi jasadi keltirilgan Tripolidagi shifoxonalardan biriga borgan.

Shifokorlar so‘zlariga ko‘ra, bu odamlar qamoqxonada bo‘lganlar, mintaqaga muxolifat kuchlari yaqinlashar ekan ularni qiynay boshlaganlar va ensalaridan otib tashlaganlar.

Shifoxonada ishlayotgan britaniyalik jarroh Moez Zaytanga ko‘ra, ushbu jasadlar kelajakda harbiy jinoyatlar yuzasidan o‘tkaziladigan mahkamalarda dalil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Milliy o‘tish kengashining raisi Mustafo Abdel Jalil shu hafta boshida isyonchilarni Qaddofiy tarafdorlaridan o‘ch olmaslikka chaqirgan va uning so‘zlariga quloq solishmasa, iste‘foga chiqish bilan tahdid qilgandi.

Ayni damda Tripoli markazida Qaddofiy armiyasining kamida 12 askari jasadi topilgan. Ulardan ikki nafarining qo‘llari ortidan bog‘langan bo‘lgan.

Amnesty International inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti Tripoli g‘arbida joylashgan Zaviya shahrida ikki taraf sodir etgan jinoyatlar bo‘yicha "aniq ma‘lumotlar"ga ega ekanini xabar bergan.

Guvohlarga ko‘ra, isyonchilar yollanma jangarilar deb gumon qilib afrikalik mehnat muhojirlarini jazolaganlar.