AQSh maxsus kuchlarining Qaddofiy josuslari bilan aloqalari fosh bo‘lar ekan, bu G‘arb uchun naqadar uyatli?

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Bugunda Tripoli armiyasiga boshchilik qilayotgan Belhaj o‘tmishda Liviya Islomiy Jangchilar Guruhiga asos solgan.

Britaniya Bosh Vaziri Devid Kameron Britan josuslik xizmati Muammar Qaddofiyning maxsus xizmatlariga terror gumondorlarini topshirgani haqidagi da‘volar tekshirilishi kerakligini aytgan.

Hyuman Rayts Votch tashkiloti Tripolidagi tashlandiq binolardan birida AQSh Markaziy Josuslik Boshqarmasi, Britaniya Tashqi Razvedkasi - MI 6 bilan Liviya Tashqi Xavfsizlik Boshqarmasi o‘rtasidagi yozishmalarni qo‘lga kiritganini aytgan.

Ayni damda 2004 yilda Liviya hukumatiga topshirilgan sobiq gumondor va bugunda Tripolidagi aksil-Qaddofiy kuchlar qo‘mondoni Abdul Hakim Belhaj AQSh va Britaniyadan kechirim so‘rashni talab qilgan.

Hozirda Tripolida bo‘lgan va hujjatlar bilan shaxsan tanishgan BBC muxarriri Jeremi Bovenning aytishicha, bu topilmalar AQSh va Britaniyani ko‘p uyatga qo‘yishi turgan gap, chunki ular hozir baralla chiqishlar qilib qoralayotgan tuzum bilan o‘zlari yaqin aloqalarda bo‘lishgani namoyon bo‘lmoqda.

"Hujjatlardan ayon bo‘lishicha, bu tuzum ular uchun foydali bo‘lgan, bu tuzumning qamoqxonalari va ularda odamlar qiynoqlarga tutilgani ham ular uchun foydali bo‘lgan. Chunki Britaniya va AQSh gumondorlarni Liviyaga jo‘natishgan va bu gumondorlar, ba‘zi tashkilotlarga ko‘ra, ma‘lumot olish yo‘lida qiynoqlarga tutilganlar," deydi u.

Abdul Hakim Belhaj 1990-yillar va 2000-yillarda Liviya Islomiy Jangchilar Guruhi deb nomlangan guruhning asoschilaridan biri bo‘lgan.

Amerikaliklar bu guruhni Al-Qoidaga aloqador terrorchi tashkilot deb ko‘rishgan.

Uning o‘zi esa guruh Muammar Qaddofiyni ag‘darish uchun tuzilgan bo‘lganini aytadi.

U 2004 yilda Tayland poytaxti Bangkokda qo‘lga olingan. Da‘vo qilishicha, Amerikaning Markaziy Josuslik Agentligi va liviyaliklar uni Liviyaga olib kelishganidan keyin qiynoqlarga solishgan.

Hujjatlarga ko‘ra, Britaniya ham bunga aralashgan.

Kechirim

"Men va oilam boshiga tushgan narsa noqonuniydir. Men buning uchun va tutilgan qiynoqlarim uchun kechirim so‘rashlarini istayman. Liviya xukumatiga berilgan ma‘lumot, Bangkokdagi so‘roqlar, hammasi noqonuniy bo‘lgan. Mendan amerikaliklar va ularga yordam bergan mamlakatlar kechirim so‘rashlari kerak," deydi Belhaj janoblari.

Belhajning da‘vo qilishicha, besh nafar TsRU agenti uni Bangkok aeroportida qo‘lga olganidan keyin yuk mashinasining ortiga tashlagan, ikki niqobli shaxs uni do‘pposlashni boshlagan va "Bin Lodin qayerda?" kabi savollarni so‘rab qichqirishgan.

So‘ng u aeportdagi bir xonaga olib borilib yana do‘pposlanganini aytadi.

Turshak va apelsinlar

Xujjatlardan ayon bo‘layotgan yana bir jihat Amerika va britan xavfsizlik kuchlari Liviya maxsus kuchlari bilan naqadar yaqin bo‘lganidir.

2003 yilda Qaddofiy G‘arb bilan aloqalarini yaxshilashga kirishdi, u ommaviy qirg‘in qurollarini qoralab chiqdi, buning evaziga uni G‘arb hush qarshi oldi va terrorga qarshi kurashga qo‘shdi.

Qaddofiy ham Liviya ichida islomiy jangarilarga qarshi qattiq kurashib kelgan.

Uning o‘ng qo‘li deb bilingan Muso Kusa xavfsizlik kuchlariga boshchilik qilgan va ko‘plar tomonidan qo‘li qonga botgan shaxs deb ko‘riladi.

Biroq, u mart oyida Britaniyaga qochdi. "Britan hukumati uni juda hush ko‘radi nimagadir," deydi Jeremi Boven.

"Masalan, ismi oshkor etilmayotgan britan MI6 rasmiysi unga shunday maktub yo‘llagan: "Qadrli Musa, turshaklar va apelsinlar uchun katta rahmat, Rojdestvo kuni biz bilan tushlik qila olmasligingdan afsusdaman."