Pokistonda "Al-Qoida" rahbarlaridan Yunus al-Mavritaniy qo‘lga olingan

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Yunus al-Mavritaniy haqida ma‘lumot uncha ko‘p emas

Pokiston armiyasiga ko‘ra, "Al-Qoida" tarmog‘ining nufuzli rahbarlaridan birini ikki yordamchisi bilan birga qo‘lga olishgan.

Harbiylarning bayonotiga ko‘ra, Yunus al-Mavritaniy tarmoqning xalqaro miqyosda olib borgan amaliyotlarini rejalashtirishgan va ularni amalga oshirgan.

Oq uy uning qo‘lga olinishini olqishlab chiqqan.

Pokiston armiyasi bayonotiga ko‘ra, Yunus al-Mavritaniy va uning ikki sherigi Pokiston janubi-g‘arbidagi Kvetta shahri atrofida qo‘lga olingan.

Qolgan ikki shaxsning Abdulg‘affor ash-Shomiy va Messara ash-Shomiylar ekani xabar qilingan.

"Amaliyot Qo‘shma Shtatlar Istihborot agentliklari texnik yordami bilan rejalashtirildi va amalga oshirildi. Amerika istihborot agentliklari bilan Pokistonning Istihborot Xizmatlari agentligi kuchli, tarixiy rishtalarga ega", deyiladi Pokiston rasmiylari e‘lon qilgan bayonotda.

Ushbu hibs qachon amalga oshirilgani xabar qilinmagan.

Pokiston rasmiylari e‘lon qilgan bayonotda aytilishicha, Yunus al-Mavritaniy shaxsan Usama bin Lodinning ko‘rsatmasi bilan ish tutgan.

"U Qo‘shma Shtatlarning iqtisodiy inshootlariga, xususan, gaz, neft quvurlariga, elektr ishlab chiqaradigan to‘g‘onlariga hujumlarni, xalqaro suvlarda portlovchi moddalar bilan neft ortilgan kemalarni portlatishni rejalashtirgan", deyiladi Pokiston harbiylarining bayonotida.

Usama bin Lodinning Yunus al-Mavritaniydan "Amerika Qo‘shma Shtatlari, Ovro‘po va Avstraliyaning iqtisodiy muhim nishonlariga e‘tibor qaratishni" so‘ragani aytilgan.

Amerika rasmiylari aytishicha, "Al-Qoida"ning amaliy harakatlarga mas‘uli Yunus al-Mavritaniyni tiriklayin qo‘lga kiritish maxsus xizmatlarning ustuvor vazifasi hisoblanib kelgan.

Ovro‘podagi istihborot xizmatlaridagi manbalar, Yunus al-Mavritaniy 2008 yil Hindistonning Mumbay shahrida uyushtirilganiga o‘xshash qo‘sh hujumlarni Ovro‘po mamlakatlarida rejalashtirishga ham bosh qo‘shgan.

Bu ma‘lumotni 2010 yil iyulida qo‘lga olingan olmoniyalik afg‘on Ahmad Siddiqiy so‘roq paytida aytgan.

"Al-Qoida" tarmog‘i rahbari Usama bin Lodin shu yilning may oyida Pokistondagi uyida Amerika maxsus kuchlari tomonidan o‘ldirilgandi.

Tarmoqning nufuzli rahbarlaridan biri qo‘lga olingani haqidagi xabar AQSh rasmiylari uchuvchisiz boshqariladigan uchoqdan otilgan raketa Afg‘on-Pokiston chegarasida "Al-Qoida"ning yetakchi rahbarlaridan biri Atiya Abdularhmonni o‘ldirgani haqida xabar tarqatganlaridan bir hafta o‘tib e‘lon qilinmoqda.

Pokiston rasmiylari esa Atiya Abdulrahmonning o‘ldirilgani haqidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmaganini aytganlar.

May oyida poytaxt Islomobodga yaqin Abbotobod shahridagi hovlisida Usama bin Lodin Amerika maxsus kuchlari tomonidan o‘ldirilganidan keyin Pokiston bilan AQSh munosabatlari sovuqlashgani kuzatildi.

Shuningdek, AQSh uchuvchisiz uchoqlari hujumlarining Pokistonning Afg‘onistonga chegaradosh hududlariga ko‘paygani ham ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarga salbiy ta‘sir ko‘rsatgan.

Iyul oyida AQSh Pokistonga va‘da qilingan yuzlab million dollarlik harbiy yordamlarini to‘xtatib turishi haqida e‘lon qilgan.