Ko‘p sonli avtomobillar karvoni Liviyadan Nigerga o‘tgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Xabarlarga ko‘ra, 5 sentyabr kuni kechqurun 50 tacha avtomobil qurolli qo‘riqchilar hamrohligida Liviyadan Nigerning Agadez shahriga o‘tgan.

Avtokarvonni Tuareg qabilasining qattiq qurollangan jangarilari qo‘riqlab borganlar.

Bu qabila jangarilarini Liviyaning qudratdan ketkazilgan rahbari Muammar Qaddofiy o‘zining dushmanlariga qarshi jang qilish uchun yollagan deb ko‘riladi.

Zirhli avtomobillardan birida Muammar Qaddofiy va uning o‘g‘li Sayfulislom ham bo‘lganin haqida xabarlar tarqalgan.

Biroq bu xabarlarni mustaqil manbalardan tasdiqlatishning imkoni bo‘lmagan.

Qaddofiyning hukumatidagi voizi Musa Ibrohim aytishicha, polkovnik Qaddofiy hamon Liviya ichkarisida.

Qaddofiyning o‘zi hokimiyat nazoratini yo‘qotganiga qaramasdan, o‘lgunicha kurashga chaqirgan.

Avtomobillar karvoni Nigerga Jazoirdan o‘tgan.

Xabar qilinishicha, avtomobillar karvoni seshanba kuni Agades shahridan Niger poytaxti Niameyga qarab yo‘lga tushgan.

Niamey shahri bilan Agadez o‘rtasidagi masofa 950 kilometrni tashkil etadi, buning uchun sharoiti juda og‘ir sahrodan o‘tib borish talab qilinadi.

Poytaxt Niamey Nigerga qo‘shni Burkina Faso chegarasiga yaqin joylashgan.

Burkina Faso polkovnik Qaddofiyga boshpana berishga rozi bo‘lgan mamlakat.

Bi-bi-si muxbirlariga ko‘ra, Tripolida ushbu karvon Qaddofiy oilasi a‘zolarini olib ketayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar tarqalgan.

Niger Tashqi ishlar vaziri Muhammad Bazum "Frans Press" axborot agentligiga ushbu karvonda Muammar Qaddofiy borligini inkor etgan.

"U yerda Qaddofiy yo‘q va unda buncha ko‘p e‘tiborni o‘ziga tortadigan narsa bor deb o‘ylamayman", deb aytgan Niger tashqi ishlar vaziri.

Liviyaning Milliy O‘tish davri kengashi vakillari aytishicha, ushbu karvon Qaddofiyga tegishli oltin, dollar va yevrolarni mamlakatdan olib chiqib ketgan, ammo bu xabarni ham tasdiqlatish imkonsiz.

Oldinroq Muammar Qaddofiyning rafiqasi, ikki o‘g‘li va qizi Jazoirdan boshpana topgan edilar.

Beng‘ozidan BBC muxbiri Jon Leyn xabar berishicha, Liviya muvaqqat hukumati vakillari, agar NATO ko‘z yummaganida buncha ko‘p sondagi avtomobillar karvoni mamlakatdan chiqib keta olmas edi, demoqdalar.

NATO bu borada izoh bermagan, biroq NATO rasmiylari o‘zlarining bosh vazifalari mamlakatning sobiq rahbarlari, harbiy qo‘mondonlarni ovlash emas, tinch fuqarolarni himoya qilish ekanini aytganlar.