Kashmirdagi Internet-kafe egasi Dehli portlashlariga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olingan

Hindiston nazoratidagi Kashmir politsiyasi 7 sentyabr kuni Dehli shahrida uyushtirilgan portlashlarga aloqadorlikda Internet-kafe sohibini qo‘lga olgan.

Xabarlarga ko‘ra, bombani radikal "Harakatul Jihod al-Islomiy" guruhi o‘rnatgani da‘vo qilingan elektron maktub ushbu Internet-kafedan yuborilgani aniqlangan.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, "Harakatul Jihod al-Islomiy" "Al-Qoida"ga aloqasi bor terrorchi guruh hisoblanadi.

Jarohatlangan insonlardan yana biri vafot etganidan keyin portlash qurbonlari soni 12 ga yetgan.

76 kishi yaralangan.

"Harakatul Jihod al-Islomiy" guruhi bundan oldin Hindiston, Pokiston va Bangladeshda uyushtirilgan hujumlar uchun ayblangan.

Guruh rahbari Ilyos Kashmiriyning shu yil iyun oyida Amerikaning uchuvchisiz boshqariladigan hujumi natijasida Pokistoning shimoli-g‘arbida o‘ldirilgani xabar qilingan.

Politsiyadan xabar qilishlaricha, portlashni "Harakatul Jihod al-Islomiy" uyushtirgani haqidagi elektron xat 7 sentyabr kuni tushdan keyin jo‘natilganining ertasiga Internet-kafe egasi Mahmud Azizni qo‘lga olganlar.

Xabaralarga ko‘ra, bu maktubda 10 yil oldin Hindiston parlamentiga hujum qilgan shaxsni dorga osmaslik talab qilingan.

"Hali juda erta"

Politsiyaning BBCga aytishicha, Mahmud Aziz o‘zining Internet kafesidan foydalanayotgan mijozlarni qayd etib bormagan.

Mahmud Azizning politsiyaga aytishicha, qo‘li ostidagi muassasaning asosiy mijozlari o‘quvchi-talabalardir va chorshanba kuni Internet kafega "sumkali o‘quvchilar kirishgan".

Oldinroq Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Singx, tergovchilar hujum tashkilotchilarini aniqlashga yetaklovchi ma‘lumotga ega ekanliklarini, biroq hujumni kim uyushtirganini aytish "hali juda erta" ekanini aytgan.