Afg‘oniston poytaxtidagi hujumlar 20 soat davom etdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Kobulda jangarilarga qarshi amaliyotlar deyarli 20 soat davom etgan.

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, Kobuldagi AQSh elchixonasi, NATO va Politsiya qarorgohlarini nishonga olgan hujumchilar 20 soatlik janglardan so‘ng mahv etilgan.

Rasmiylarning aytishlaricha, to‘qqiz nafar jangari o‘ldirilgan. Bundan tashqari to‘rt politsiya xodimi va yana to‘rt kishi hujumlar oqibatida qurbon berilgan.

Kobuldagi AQSh elchixonasi ularning xodimlari orasida qurbonlar yo‘qligini bildirgan, ammo NATO Xalqaro kuchlar tarkibidagi olti askar jarohat olganligini ma‘lum qildi.

Diplomatik vakolatxonalar joylashgan mavzega yaqin yerda joylashgan yarim qurib bitgan ko‘p qavatli binoda joylashib olgan jangarilarga qarshi amaliyotni Afg‘oniston Milliy kuchlari olib borishgan.

Amaliyotlarda Amerika tikucharlari va Afg‘on armiyasining MI 35 rusumidagi tikucharlari qatnashgan.

Ichki Ishlar vazirligi vakilining aytishicha Kobulda hayot o‘z iziga tushmoqda.

Rasmiylarning BBCga bildirishlaricha, hujumchilardan qolgan mashinada portlovchi modda va burqalar topilgan. Hujumchilar binoga o‘zlari bilan granatalar, to‘pponcha va pichoqlarni olib kelganlar.

Shuningdek xudkush hujumchilar belbog‘lari ham topilgan.

Kichik sondagi bir guruh isyonkorlarning hujumi seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 1:30 da boshlangandi.

Hujumchilar tushgan mashina AQSh elchixonasidan taxminan 1 km uzoqlikda joylashgan nazorat nuqtasida to‘xtatilgan vaqti ular hamlani boshlashgan.

Guvohlarga ko‘ra, bir necha portlashni amalga oshirgandan so‘ng jangarilar shu yaqin atrofdagi qurib bitirilmagan ko‘p qavatli binoga yashiringanlar.

O‘sha yerdan turib AQSh elchixonasini avtomatlar, granatomyot va raketa o‘qiga tutganlar.

Afg‘onistondagi Amerika elchisi Rayan Kroker elchixona binosiga olti yoki yettita raketa kelib tushganligini bildirdi.

Kobuldagi BBC muxbiriga ko‘ra, taxmin qilinishicha hujumchilar bu hamlaga uch kun davomida tayyorgarlik ko‘rib, bitmagan binoga qurol-yarog‘ tashib kelganlar.

Guvohlarga ko‘ra, shu yaqin oradagi Vazir AKbar Xon mavzesida ham portlashlar ro‘y bergan.

Kobul g‘arbida joylashgan Politsiya qarorgohiga yaqin yerda ham ikki xudkush hujumchi o‘zini portlatib yuborgan.

Uchinchi xudkush hujumchi esa shahar qo‘nalg‘asiga yo‘l olgan vaqti otib o‘ldirilgan.

Toliblar so‘zchisi Kobuldagi "mahalliy va xorijiy josuslik binolariga qarshi keng qamrovli xudkushlik hujumlari amalga oshirilganligini" da‘vo qilib chiqdi.

Afg‘oniston prezidenti Homid Karzay hujumlarni qoralab chiqdi. Unga ko‘ra, bu hujumlar Afg‘on Milliy kuchlarining xavfsizlik ustidan nazoratni o‘z qo‘llariga olish jarayonini to‘xtata olmaydi.