"London va Moskva o‘rtasidagi kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda"

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Janob Kameron Moskvaga "ko‘priklarni qayta tiklash" uchun borgan

Moskvaga safar qilgan Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar saqlanib qolayotganini aytgan.

"Ko‘priklarni qayta qurish"ga qaratilgan tashrif avvalida janob Kameron Aleksandr Litvinenko masalasini ko‘targan.

Rossiya josuslik xizmat sobiq xodimining 2006 yilda Londonda zaharlab o‘ldirilishi ortidan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashib ketgan edi.

Rossiya qotillikda gumon qilingan Andrey Lugovoyni Londonga topshirishdan bosh tortgan.

Devid Kameron London Litvinenko qotilini javobgarlikka tortish yuzasidan harakatlarni davom ettirishini aytgan.

Bir kunlik safar Britaniya bosh vazirining 2005 yildan buyon Rossiyaga ilk rasmiy tashrifidir.

Moskva Davlat Universitetidagi nutqida janob Kameron ikki o‘rtada "o‘zaro ishonch va hamkorlikka to‘sqinlik qilayotgan" masalalar borligini e‘tirof etgan.

"Biz xali ham siz bilan Litvinenko ishi yuzasidan kelishmaymiz. Bizning yondoshuvimiz oddiy va printsipial-jinoyat sodir etilgan payt mahkamaga havola etilishi kerak", deb aytgan Britaniya bosh vaziri.

"Dalillarni xolisona tekshirish, aybdor yoki begunohni aniqlash mahkamaning ishi".

Janob Kameron qurbonlar va oilalari "adolatga haqli" ekanini ta‘kidlagan.

U Rossiya bilan munosabatlarda "hamkorlikka asoslangan yangicha yondoshuv"ni istashini aytgan.

Britaniya bosh vaziri Moskva Universiteteti talabalariga rus tilida "biz birgalikda kuchlimiz" deb xitob qilgan.

Moskvaga jo‘nab ketishidan avval janob Kameron Rossiyani "muhim hamkor" deb atagan.