Aholisining aksari dahriy Estoniyada majusiylik qayta tiklanmoqda

Image caption Majusiylarning o‘rmon qo‘ynida o‘z marosimlari bor

Estoniyada o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov natijalaridan ma‘lum bo‘lishicha, aholining atigi 20 foizi dinni o‘zining hayotining muhim bo‘lagi deb biladi. Shu tarzda, rasmiy statistik raqamlarga asosan, estonlar yer yuzidagi eng dahriy millatlardan bo‘lib chiqadi.

Tallinning shabada esib turgan eski shahar qismi ko‘chalari bo‘ylab odimlar ekansiz, cherkovlardan eshitilib turgan qo‘ng‘iroq va qo‘shiqlar sadosi bu shahar, qo‘yingki, mamlakat haqida aldamchi taassurotni paydo qiladi.

Diqqat qilinsa, mahalliy cherkovlarga qatnovchilarning aksariyati chet ellik sayyohlar ekani aniq bo‘ladi.

Bir gal yakshanba kuni Tallindagi Dom Lyuteran cherkoviga kirib, to‘g‘risi, hayratda qoldim. Ibodatgo‘ylarning aksari Hollandiyadan kelgan sayyohlar edi va orqa qatordan joy olgan atigi 15 tacha kishi ibodatxonaga muntazam qatnaydigan mahalliy xalq - estonlar bo‘lib chiqishdi.

Tarixiy yovlik

Cherkov ruhoniysi Arxo Tuxkruning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo azaldan mavjud.

"Odamlar bizda e‘tiqodli. Lekin ular cherkovga bog‘lanib qolmagan. Bizda odamlar o‘zlarining oilasi bilan cherkovga qatnaydigan an‘ana yo‘q", deydi u.

Ko‘p estonlar uchun dindan ko‘ra milliy timsollar muhimroqdek.

Lyuteran cherkovi Estoniyada mavjud cherkovlar orasida e‘tiqod qiluvchilari ko‘pligi bo‘yicha eng yirigi hisoblansa ham unga aholining 13 foizi jalb qilingan, deydi ruhoniy Tuxkru.

Lekin bundan-da ishonchliroq statistika ma‘lumotlari mavjudki, har beshinchi eston e‘tiqodni o‘zining hayoti uchun muhim deb biladi.

Bunday qarash jamiyatning har bir bo‘g‘inida bilinadi. Masalan, maktablarda din alohida fan sanalmaydi.

Buning o‘rniga yosh estonlar sarkardalar haqida, mamlakatlariga nasroniylikni olib kelgan nemislar va daniyaliklar tarixini o‘rganishadi. O‘sha davrlarda nasroniylikni mamlakatni bosib olgan bosqinchilarning dini deb qarash shakllangan.

Image caption Mustaqillik yodgorligi cherkov ro‘parasida barpo etilgan

"Bugungi eston jamiyati dunyoviy sanalishining asosiy sabablaridan biri - bu milliy va diniy qarashlarning aniq ajratilganidir,- tushuntiradi hukumatning diniy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Ringo Ringveye.

Yana bir to‘siq - bu tildir. Ko‘pchilik estonlar ruhoniylar muqaddas matnlarni o‘qiyotgan, va‘z-nasihat qilayotgan tilni tushunishmaydi.

"Lyuteranlar nemis tilida gapirishgan , - deydi Ringveye. - XIX asrda Rus pravoslav cherkovi paydo bo‘lgan va XX asr boshigacha undagi ibodatlar u rus tilida bo‘lgan".

1920 yilda Estoniya mustaqil bo‘lgach, Eston Pravoslav cherkovi yuzaga keladi. Lekin bu cherkov rahbariyati Moskvaga emas, Konstantinopol patriarxiga qarashni afzal biladilar. U cherkovlarda asosan eston tilida ish yuritishgan bo‘lsa, Sovet Ittifoqi 1940 yilda Estoniyani ishg‘ol qilganidan so‘ng Eston Pravoslav cherkovini Moskva Patriarxligi tasarrufiga o‘tkazishadi.

Sho‘rolar Ittifoqi davrida din umuman rag‘batlantirilmagan. Agar sobiq sovet respublikalarida SSSR ning qulashi ortidan nasroniylikning qayta uyg‘onganini kuzatish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, Estoniyada bu sodir bo‘lmadi. Lekin bu estonlar umuman e‘tiqodsiz deganini anglatmaydi.

Tabiatsevarlar

Tallinndan 300 kilometrcha uzoqlikdagi o‘rmon qo‘ynida men tabiat ishqibozlari yoki tabiatni sevadiganlarni uchratdim. Balki ularni tabiatga sig‘inadiganlar deb atasa to‘g‘riroq bo‘lar.

"Biz majusiylarmiz. Bizning xudomiz - tabiat. Shoshmang, shoshmang, mana bu yerga o‘tirib, gapga quloq soling", deydi Aygar Pixo, sakkiz bolaning otasi. U Estoniya janubida joylashgan Riuge qishlog‘ida istiqomat qiladi.

Aygar ham ko‘plab estonlar singari ruhiyat odami. U o‘zining e‘tiqodini "Maausk" deb ataydi. Bu so‘zni "jonajon din" yoki "jonajon e‘tiqod" deb tarjima qilish mumkin. Bu e‘tiqoddagi odamlarning fikricha, eng muqaddas narsalar - ilohiy kuchga ega daraxtlar va yerdir.

Aygarning ibodat joyi - o‘rmon. Lekin uning na biror marosimi, na biror kitobi bor. Shuning uchun Aygarning dinini to‘kis deb atab bo‘lmaydi.

Suhbatimizga Aygarning 22 yoshli qizi Kotre qo‘shiladi: "Biz o‘zimizni "maausk" deb ataymiz, lekin bu nimani nazarda tutishini gapirib o‘tirmaymiz. Biz aytilgan zahotiyoq bu so‘z tabiat bilan bizning qalblarimiz uyg‘unligini anglatishini tushunamiz".

Meni yozgi quyosh vaqti deb atashgan bayramlariga taklif etishadi. Bu bayramda Aygar va oilasi a‘zolari ulkan gulxan yoqishadi va uning atrofida raqsga tushishadi, ulkan arg‘imchoqlar yasab, ularda uchishadi, qo‘shiq kuylashadi.

Qizlar gul terib, ulardan gulchambar yasaydilar. Mahalliy odatlarga ko‘ra, qiz o‘ziga kuyov topishi uchun bu gulchambarni yostig‘i tagiga qo‘yishi kerak.

Bunday an‘analarning ildizi eston madaniyati tarixiga borib taqaladi.

Aholining 50 foizdan ziyodi omma fikri o‘rganilganida, qandaydir hayotiy kuchga ishonishlarini, ammo bu qanday kuch ekanligini so‘z bilan tushuntirib bera olmasliklarini aytishgan.

Ushbu an‘analar naqadar qadimiyligi borasida turlicha qarashlar mavjud.

"Bular asosan XIX asr oxiri-XX asr boshlarida o‘rganilgan folьklorga asoslangan,-deydi Estoniyadagi din tarixini o‘rgangan arxeolog Tinno Yonkus. - Ular bunga ishonishgan va bulardan foydalanishayapti. Bu marosimlarni o‘rta asrlar yoki nasroniylikdan oldingi zamonlarga bog‘liq deb bo‘lmaydi".

Daraxt bilan tillashish

Boshqa bir odamlar esa bu fikrga qo‘shilmaydilar va ular Runalarning qadimiy taqvimlariga asoslangan maxsus tashkilot tuzganlar.

Tashkilot "Maavalla Koda" deb nomlanadi va uning 300 yoki 400 tacha a‘zosi bor. Andres Xeynapuu va uning o‘g‘li Ott ushbu tashkilotning a‘zolari.

Ular uchun yer ruhiyati o‘zlarining shaxsiy ruhiyati demakdir. Bu sening atrofing o‘rab olgan narsalarga qanday munosabat qilishingda ko‘rinadi.

"Daraxtning qulog‘i yo‘q. Men daraxtning oldiga yaqinlashib, o‘zimning savolimni fikran ifoda qilaman. Sal o‘tib, men o‘zimning savolimga javob yo‘llashayotganini his qilaman", deydi Andres Xeynapuu.

"Ya‘ni siz daraxt bilan suhbatlashasiz. Shundaymi?" - so‘rayman men.

"Albatta", deb javob qaytaradi Andres.

Men ham daraxtlar bilan gaplashmoqchiman, deyman. Lekin jonsiz narsa bilan qanday suhbatlashish mumkin?

Bu gapimga Ott e‘tiroz bildiradi, "daraxt jonsiz narsa emas, jonli".

So‘ng u suhbat payti eman daraxti fikrlari keskin-keskin bo‘lishini, chetan esa odamni tushunishga harakat qilishi sezilishini aytadi.

Ott va uning otasi davrasini tark etarkanman, aksar estonlar tabiatni chin dildan sevishadi va uni himoya qilishga tayyorlar, degan to‘xtamga kelaman. Lekin ular orasida Ott va uning otasiga o‘xshagan "muhabbatlari haddan ziyod kuchayib ketganlari" ham bor.

Ularning o‘z mamlakati va tabiatiga bo‘lgan muhabbatlari - o‘ziga xos tinch millatchilikning bir ko‘rinishidir.

Ayni mana shu millatchilik tufayli cherkovning bu jamiyatda o‘zining rolini topishi qiyin bo‘layapti.

Shuning uchun ham bu yerdagi insonlarning ustuvor narsalari ro‘yxatida nasroniylik yoki umuman din eng quyi o‘rinlardan birini egallagan.