Eron sobiq Sho‘ro davlatlari uchun rus tilida sun‘iy yo‘ldosh telekanali ochmoqchi

Image caption Bu Eron tomonining xorijiy auditoriyaga mo‘ljallangan to‘rtinchi telekanali bo‘ladi

Eron davlat teleradiokompaniyasi (IRIB) rahbari Izzatullo Zahramiy hukumatining sobiq Sho‘ro davlatlari uchun rus tilida sun‘iy yo‘ldosh telekanali ochish maqsadi borligini aytgan.

Bu haqda Eronning Press TV yangiliklar telekanali web sahifasi xabar tarqatgan.

Kuni-kecha Ukraina poytaxti Kiyev safaridan qaytgan janob Zahramiy bundan buyog‘iga rus tilida telekanal ochish masalasiga asosiy e‘tibor qaratishlarini bildirgan.

Ukrainaga qilgan safari davomida Eron davlat teleradiokompaniyasi rahbari mahalliy ommaviy-axborot vositalari vakillari, olimlar va madaniyat arboblari bilan uchrashgan.

O‘z o‘rnida, ukrainalik tomoshabinlarga rus tilidagi tag so‘z (subtitr) bilan Eronda ishlangan badiiy filmlar, teleseriallar va multfilmlar qo‘yib ko‘rsatilgan.

Janob Zahramiyning aytishicha, Ukraina aholisiga o‘zlarining telemahsulotlari yoqqan.

To‘rtinchi xorijiy kanal

Yangi telekanal Eron poytaxti Tehrondagi studiyadan Ovro‘po sun‘iy yo‘ldoshlari tizimi orqali olib uzatiladi.

Dasturlarning bir qismi internet orqali qayta translyatsiya etiladi.

Bu - Eron davlat teleradiokompaniyasining xorijiy auditoriyaga mo‘ljallangan to‘rtinchi maxsus kanal bo‘ladi.

Bundan avval 24 soatlik ingliz tilidagi Press TV va arab tilidagi Al-Alam yangiliklar telekanali ish boshlagandi.

Shu yil avgust oyi oxirida esa, Lotin Amerikasi davlatlariga mo‘ljallangan Hispan TV telekanali ishga tushgandi.

Izzatullo Zahramiy buning sababini dunyo aholisining kattagina qismini tashkil etuvchi ispanzabon tomoshabinlarga Eron Islomiy Respublikasidagi hayot va ideologiya haqida ma‘lumot berish niyati bilan izohlagandi.

Forsiyzabonlar televideniyesi

Shu yilning fevral oyida Tojikiston, Afg‘oniston va Eronning hamkorlikda yangi forsiyzabon telekanal ochishlari uchun rasmiy Tehron Olmoniyadan 2, 5 mln AQSh dollariga teng maxsus asbob-uskunalar xarid qilgandi.

Eronning Tojikistondagi elchisi Aliasqar Sherdo‘st Tojikiston hukumati televideniyening faoliyat boshlashi to‘g‘risida rasmiy maktub yo‘llagandan so‘ng uskunalar keltirilishini ma‘lum qilgandi.

Uch forsiyzabon mamlakatning mushtarak televideniyesini tashkil etish haqidagi hujjat Tojikiston poytaxti Dushanbeda uch mamlakat rahbarlari tomonidan imzolangandi.

O‘z o‘rnida, telekanal markazi Dushanbeda bo‘lishiga kelishilgandi.

Tojikiston poytaxtida xalqaro televideniye uchun uch qavatli bino Eron tomonidan ta‘mirlanib, tayyor qilib ham qo‘yilgan.

Afg‘oniston, Eron va Tojikiston hamkorligidagi televideniye ish boshlashi bilan bog‘liq oxirgi va‘da esa, o‘tgan yil Navro‘z sanasi edi.

Lekin hamkorlikdagi forsiyzabon yangi telekanal faoliyatini hanuz boshlaganicha yo‘q.