Josuslikda ayblanib Eronda hibsga olingan ikki Amerikalik sayyoh ozod etildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Sheyn Bauer va Josh Fattal Tehrondagi dastlabki mahkama jarayonida.

Josuslikda ayblanib ikki yildan beri Eronda hibsda ushlab turilgan ikki Amerikalik sayyoh ozod etilib, oilalari bag‘riga qaytishdi.

29 yoshli Sheyn Bauer va Josh Fattal tovon evaziga ozid etilib, Omanga uchib kelishdi.

Ularning ikkisi ham shu oy boshlarida o‘tkazilgan mahkama jarayonida josuslikda aybdor topilib, sakkiz yil qamoq jazosiga hukm etilgandilar.

Bauer va Fattal va ular bilan birga yana bir ayol piyoda sayyoh 2009 yili Iroqdan Eron hududiga kirib kelgan vaqtlari hibsga olingandilar. Ularga ko‘ra, chegarani bilmasdan tasodifan kesib o‘tganlar.

Ayol sayyoh Sara Shroud o‘tgan yili Eron rasmiylari tomonidan sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli hisbdan ozod etilgandi.

Xabarlarga ko‘ra, ozod etilgan sayyohlarning har biri uchun 500 ming AQSh dollari miqdorida tovon to‘langan. AQSh Eron bilan diplomatik aloqalarga ega bo‘lmagani uchun har bir sayyoh uchun tovon Oman orqali to‘langani xabar berilgan.

Sheyn Bauer va Josh Fattalni Evin qamoqxonasidan Eron, Shvetsiya va Omanga tegishli mashinlar karvonida olib ketilgan.

Sayyohlarning uchchovi ham chegarlar aniq belgilanmagan Iroqning Kurdiston hududidan tasodifan Eronga o‘tib qolganliklarini ta‘kidlab kelganlar.

Lekin shunga qaramay ularni josuslikda ayblar bilan shu oy boshlarida mahkamaga tortdilar. Shroud xonim sog‘lig‘i tufayli mahkamada hozir bo‘la olmasligini bildirgan, ayblovlarni rad etib, o‘zining aybsiz ekanligini ta‘kidlagan.

AQSh Davlat Kotibi Xillari Klinton Eron rasmiylarining amerikalik sayyohlarning ozod etish haqidagi qarorlarini olqishladi.