2011 yilning eng qudratli insoni ayol kishi – Angela Merkel bo‘lib chiqdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Britaniyada chop etiluvchi New Statesman jurnali reytingiga muvofiq, "2011 yilning eng qudratli insoni", deb Olmoniya kantsleri Angela Merkel topildi.

An‘anaga muvofiq, har yili bu ro‘yxatga “dunyoning taqdiri”ni belgilovchi 50 kishining ismu sharifi kiritiladi.

Dunyoda manaman degan shuncha siyosatchi bilagini shimarib turgan paytda, Angela Merkelga omad qanday kulib boqdi, deb qiziqayotgan bo‘lsangiz, hammasiga yevro hududida kuzatilayotgan iqtisodiy inqiroz sababchi...

Ya‘ni, bu bo‘hrondan silliqqina chiqib ketish – eng avvalo Olmoniya rahbarining qaroriga bog‘liq.

O‘z o‘rnida, Merkel xonimning bu yo‘ldagi sa‘y-harakatlari jahon iqtisodiyotining taqdirini ham belgilab beradi.

Muammoning qanchalik dolzarbligiga, hatto, Olmoniya kantslerining o‘tgan va undan burungi yildagi reytingi-da dalolat qiladi.

Deylik, 2010 yilda Angela Merkel 8 –o‘rinda, 2009 yilda esa, bundan ham to‘rt pog‘ona quyida kelgan.

Shu yilning avgust oyida Amerikaning Forbes jurnali ham Olmoniya rahbarini “Dunyoning eng qudratli ayoli”, deb topgandi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption General Devid Petreus "qudratlilik" bobida o‘z prezidenti Barak Obamani ham ortda qoldirib ketibdi

Merkel xonimga berilgan ta‘rifu tavsiflarga shu yerda nuqta qo‘yib, so‘zimizda davom etadigan bo‘lsak, “2011 yilning eng qudratli insoni” ro‘yxatida ikkinchi o‘rin AQSh generali Devid Petreusga nasib etgan.

General Petreus avvaliga Amerikaning Iroqdagi, yaqin-yaqingacha esa, Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlariga boshchilik qilib kelgan.

Joriy paytda AQSh Markaziy Josuslik Xizmatiga rahbari. Bundan avvalgi ko‘rsatkichlari bilan solishtirilsa, bu yil birato‘lasiga 10 pog‘ona yuqori sakragan.

Uchinchi o‘rinni esa, o‘tgan ikki yil davomida ro‘yxatda, hatto, qorasi ham ko‘rinmagan xitoylik dissident rassom Ay Veyvey egallagan.

O‘z tanqidlari tig‘ini Xitoydagi inson huquqlari bilan bog‘liq ahvolga qaratgan ijodkor shu yilning aprel oyida hibsga olingan va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik aybiga iqror bo‘lishi ortidan, iyun oyi oxirida tovon evaziga ozodlikka chiqarilgandi.

Agar gapning indallosiga ko‘chadigan bo‘lsak, dunyoning eng qudratli davlat rahbarlari va hukumatlari sakkizligiga bu yil Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin ham kiribdi.

Kuni-kecha yana bir bor Rossiya prezidentligi uchun da‘vogarlik qilishi ma‘lum bo‘lgan janob Putin o‘tgan yil bor-yo‘g‘i 20-o‘rinda bo‘lgan, xolos.

Yuqori o‘nlikka Rossiya Bosh vaziridan tashqari, AQSh Prezidenti Barak Obama (5-o‘rin), Frantsiya rahbari Nikolya Sarkozi, Buyuk Britaniya va Isroil Bosh vazirlari ham kirishgan.

Yangi ro‘yxatda 11-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan turkiyalik hamkasblari Rajab Toyib Erdo‘g‘onning esa, ularning saflariga qo‘shilishiga bir baxya qolibdi, xolos.