Norvegiyada bir o‘zbek fuqarosi va yana ikki gumondorga terrorizm aybi qo‘yildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи bbc
Image caption O‘zbekistonlik Yakobsen politsiya bilan hamkorlik qilgan

Norvegiyalik prokurorlar bir o‘zbekistonlik doxil, uch shaxsga nisbatan terrorizm bilan bog‘liq ayblov e‘lon qilgan.

Xitoylik uyg‘ur Mikael Davud, iroqlik kurd Shavon Sodiq Sayid Bujak hamda Norvegiyada David Yakobsen ismi bilan bilingan o‘zbekistonlik 2005 yilda Muhammad payg‘ambarni hajv qilgan daniyalik karikaturachi Kurt Vestergardga qarshi hujum rejalaganlikda ayblanadilar.

O‘zbekistonlik ayblanuvchining asli toshkentlik sobiq militsiya xodimi Alisher Abdullayev ekani aytiladi.

Prokurorlarning da‘vo qilishlaricha, hibsga olingan paytlari ular bomba yasash uchun zarur moddalarga ega bo‘lganlar va qurol sotib olishni rejalagan bo‘lishgan.

Norvegiya matbuoti gumondorlarning daniyalik karikaturachini o‘ldirishga til biriktirish bilan birga, Norvegiyaning o‘zida ham terror hujumlarini rejalaganliklari, jumladan, Shimoliy dengizdagi bir necha neft platformalarini portlatish rejasi mavjud bo‘lgani haqida yozgan.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, Norvegiya politsiyasi bu uch shaxs Al-Qoidaning mustaqil bo‘limi bo‘lib, AQSh va Britaniyadagi terrorizm gumondorlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan, deb ishonadi.

Norvegiya maxsus xizmatlari ularni amerikalik hamkasblari bergan josuslik ma‘lumotlari asosida hibsga olgani aytiladi.

Ayblanuvchilar ustidan mahkama jarayonining kelasi oy boshlanishi kutilmoqda.

"Informator" O‘tgan yil kuzida ayblanuvchilardan biri, o‘zbekistonlik David Yakobsen hibsdan ozod etilgan.

Mahkama Norvegiyada 2002 yilda qochqin maqomini olgan va doimiy yashash huquqiga ega bo‘lgan Yakobsen O‘zbekistonga qayta olmasligini hisobga olib, unga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirgani aytiladi.

32 yoshli Yakobsen o‘ziga qo‘yilgan aybni rad etgan va 2009 yil noyabridan boshlab Norvegiya maxsus xizmatlariga xabar yetkazib turganini aytgan.

Norvegiya ro‘znomalarining yozishicha, u o‘zining hibsga olinishi uning informatorligini yashirish maqsadida qilingan harakat, deb tushungan va o‘ziga qarshi ayblov e‘lon qilinishidan hayratga tushgan.

Ammo Norvegiya politsiyasi Yakobsen anchadan buyon kuzatuv ostida bo‘lgani va unga qarshi yetarli dalillarga ega ekanini aytmoqda.