AQSh bilan aloqalari yomonlashgan Pokiston Xitoyga yuz burmoqdami?

Image caption Pokistonnning qabila hududlarida O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari bilan birga uyg‘ur jangchilarning ham amal qilishi aytiladi.

Pokiston o‘zining qabila hududlaridagi uyg‘ur jangarilarini yo‘q qilishga va‘da bergan.

Bu haqda Pokiston Ichki ishlar vaziri Rahmon Malik Islomobodda xitoylik hamkasbi Men Tszyanchju bilan muzokaralardan so‘ng gapirgan.

Janob Malik "Xitoyning dushmani Pokistonning ham dushmani" ekanini aytgan.

"Pokistonning dushmani kim bo‘lishidan qat‘iy nazar,ularga qarshi qattiq zarba beriladi", - deb aytgan janob Malik.

Pokistonnning Afg‘oniston bilan chegaradagi qabila hududlarida O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari bilan birga, uyg‘ur jangchilarning ham amal qilishi aytiladi.

Xitoy musulmon uyg‘urlarni bo‘lginchilik va terrorizmda ayblaydi va g‘arbiy Shinjon mintaqasidagi halokatli hujumlar uchun mas‘ul, deb biladi.

Xitoy ichki ishlar vazirining Islomobodga tashrifi Pokiston-AQSh munosabatlari yomonlashib ketgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Vashington Pokiston josuslik xizmatlarini Afg‘oniston poytaxti Kobuldagi qator hujumlar uchun mas‘ul Haqqoniy tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashda ayblagan.

Islomobod esa bu da‘volarni asossiz, deya rad etadi.

Yangi ittifoqchi Pokistonlik tahlilchilar Islomobod so‘nggi mojaro manzarasida AQSh Pokiston bilan aloqalarni kamaytiradigan bo‘lsa, o‘rtada yuzaga keladigan diplomatik bo‘shliqni to‘ldirish uchun Pekin bilan yanada yaqinlashishga harakat qilayotganini aytishadi.

Peshovarlik tahlilchi Rahimullo Yusufzayning BBCga aytishicha, Pokistonning qabila hududlaridagi uyg‘urlar Xitoyni bezovta qiladi, ammo ular Xitoyni nishonga oladigan darajada kuchga ega emas.

"Xitoy Pokiston va Afg‘onistondagi uyg‘ur jangarilaridan xavotirda. Ammo bu uyg‘urlar juda ozchilik. Xitoyning o‘zi ularning soni 50 nafardan 80 nafargacha ekanini aytadi. Ular Pokistondan Xitoyga sizib o‘tishlari yoki uni nishonga olishlari oson emas", - deydi pokistonlik jurnalist.

Uning fikricha, Pokiston tomonining so‘nggi bayonotiga AQSh bilan sovuqlashib ketgan aloqalar manzarasida qaralishi kerak.

"Pokistonning istagi Xitoyga yanada yaqinroq bo‘lish va o‘zining Vashingtonga qaramligini kamaytirish", - deydi tahlilchi.

Ammo unga ko‘ra, hozirgi bosqichda Xitoy Pokiston uchun Amerikaning o‘rnini bosa olmaydi.

"Xitoy hozirda iqtisodiy qudratga aylangan, ammo u xali harbiy qudrat darajasiga yetgani yo‘q. Bundan tashqari, Pekinning AQSh bilan ziddiyatga kirishmaslik siyosati ham bor. Shuning uchun Xitoy xali Pokiston uchun AQSh kabi muhim ittifoqchining o‘rnini bosa olmaydi.

Seshanba kuni Nyu Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi anjumanida xitoylik hamkasbi bilan uchrashgan AQSh Davlat Kotibasi Hillari Klinton, xabarlarga ko‘ra, Xitoyni Pokiston borasida Vashington bilan muloqot boshlashga chaqirgan.