Birma hukumati bahsli suv to‘g‘oni qurilishini to‘xtatib turishga qaror qildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Yangi rahbariyat jamoatchilik talablariga quloq osmoqdami?

Birma prezidenti bahsu munozaralar markazida qolayotgan va Xitoy tomonidan dastaklanayotgan suv to‘g‘oni qurilishi loyihasini to‘xtatib turishga qaror qildi.

Parlamentga yo‘llangan maktubida Birma Prezidenti Thein Sein 3.6 milliard dollarlik Myitsone to‘g‘oni xalq va huquqshunoslar istaklariga zid ekanini urg‘ulagan.

Demokratiya yalovbardorlaridan Aun San Su Chi yaqinda to‘g‘on qurilishiga qarshi kampaniyaga qo‘shilgan edi.

Prezidentning bu qarori ijtimoiy va siyosiy faollar uchun noyob bir g‘alaba sifatida ko‘rilmoqda, deydi Bankokdagi muxbirimiz Reychel Harviy.

Muxbirimizga ko‘ra, yangi rahbariyat bu kabi amallar bilan o‘zining jamoatchilik talablariga quloq osadigan qilib taqdim qilish va shu yo‘l bilan legitimligini mustahkamlash niyatidadir.

Birma armiyasi ramziy bir ma‘noda qudratni fuqarolik hukumatiga topshirgan, ammo aksariyat rahbarlar sobiq harbiylar ekani aytiladi.

Muxbirimizga ko‘ra, faollar Prezidentning ayni amaliga shubha bilan qarashadi, chunki to‘g‘on qurilishini to‘xtatish faqatgina uning qudratdagi muddati bilan bog‘liq.

Prezidentlik muddati 2015 yilda nihoya topadi.

Ayni to‘g‘on qurilishi loyihasi Birma va Xitoy tomonidan ishlangan va Irravaddi daryosida tiklanishi kerak edi. Kachin shtatida esa etnik ozchilikdan bo‘lgan jangarilar va hukumat qo‘shinlari ziddiyati davom etmoqda.

To‘g‘on qurilishiga qarshi faollik harbiylar qo‘llab quvvatlayotgan yangi hukumat uchun sinov sifatida ko‘rilmoqda.

Birmada shuningdek, aksilxitoy kayfiyatlar tobora keskinroq tus olayotir.

Pekin esa, xalqaro jazo choralari bilan ro‘para kelgan Birmaning tabiiy zahiralaridan foydalanib qolish uchun ancha faollashgan.

Ayni to‘g‘on ishlab chiqaradigan elektr energiyasining aksar qismi Xitoyga uzatilishi ko‘zda tutilgandi.

Agar to‘g‘on qurilsa minglab qishloqliklar o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishar edi.

To‘g‘on qurilishi atrof muhit vaziyati nozik bo‘lgan va ham Birma armiyasiga qarshi kurashayotgan Kachin jangarilari hududidadir.

Bu esa siyosiy muxolifat uchun hukumatga qarshi yana bir dastakka aylanar edi.

Ayni sabablar esa Birma prezidentini bu kabi nozik masalani orqaga surib turish ma‘qulroq degan xulosaga yetaklagan bo‘lishi tabiiy.

To‘g‘on quriladigan bo‘lsa u dunyodagi eng baland to‘g‘onlardan biriga aylanardi.

Hozirga qadar Pekin Birmaning bu kutilmagan qaroriga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.