Yamanda "Al Qoida"ning asosiy rahbarlaridan biri "o‘ldirildi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Amerikada tug‘ilgan Anvar al-Avlkiy 2010 yil iyulida terrorchilar "qora ro‘yxati"ga kiritilgandi

Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirligi hamda matbuotning xabar qilishicha, Yamanda AQShda tug‘ilgan radikal ulamo Anvar al-Avlakiy o‘ldirilgan. Mazkur xabar Amerika rasmiysi tarafidan ham tasdiqlangan.

Anvar al-Avlakiy "Al-Qoida" tarmog‘ining Arabiston yarimorolidagi rahbari bo‘lganiga ishoniladi.

Bu boradagi bayonotda faqat uning "ba‘zi hamrohlari bilan birga" hayotdan ko‘z yumgani aytilgan.

Asli kelib chiqishi yamanlik bo‘lgan Avlakiy ushbu mamlakatda 2007 yil dekabridan beri yashab kelayotgandi.

Qo‘shma Shtatlar uni qator hujumlardagi roli uchun "maxsus tayinlangan global terrorchi" deya nomlagan va Prezident Barak Obama shaxsan o‘zi uni o‘ldirishga buyruq bergani xabar qilinadi.

Amerika Mudofaa vazirligi Anvar al-Avlakiyning o‘ldirilishi xususida boshqa tafsilotlarni oshkor qilmagan. Biroq, AQSh matbuoti ushbu hodisani tasdiqlab, prezident ma‘muriyati yuqori martabali rasmiylaridan iqtibos keltirgan.

Yamandagi qavm manbalari matbuot agentliklaridan biriga Avlakiy sharqiy Marib viloyatida amalga oshirilgan havo hujumida o‘ldirilganini aytishgan. Mazkur viloyat "Al Qoida"ning tayanch nuqtalaridan biri deb ko‘riladi.

Ammo, Anvar al-Avlakiy Yaman kuchlari tarafidan o‘ldirilganmi yoki AQSh dron hujumlarida halok etilganmi ekani qorong‘u qolmoqda.

BBCning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Gordon Korrera agar Avlakiyning halok etilishi muhim ahamiyatga molik ekanini aytadi. Chunki, muxbirimizga ko‘ra, u matbuot orqali odamlar orasida radikal fikrlarni yoyishga qodir shaxs bo‘lgan.

Avlakiyning o‘ldirilishi Vashington Yamandagi siyosiy inqiroz ta‘siridan xavotirlari manzarasida kuzatilmoqda. Amerika hukumati mamlakatda kechayotgan siyosiy bo‘hronlar "Al Qoida" jangarilarini ta‘qib qilishga qaratilgan amaliyotlariga salbiy ta‘sir ko‘rsatishidan tashvishda edi.

Yaman Prezidenti Ali Abdulloh Solih yirik ko‘lamli aksilhukumat noroziliklariga yuz tutmoqda. U uch oy muqaddam prezidentlik saroyiga uyushtirilgan raketa hujumida yaralanishi ortidan Saudiya Arabistonida muolija olib qaytgan.

U payshanba kuni chop etilgan intervьyusida Fors Ko‘rfazi davlatlari vositachiligidagi kelishuv asosida iste‘foga chiqmasligini bildirdi.

Avlakiy avval ham nishonga olingan

Amerika rasmiylari Anvar al-Avlakiyni "Al-Qoida" tarmog‘ining Arabiston yarimorolidagi asosiy rahbarlaridan biri sifatida ta‘riflagandi.

Amerikada tug‘ilgan ushbu ulamo 2010 yil iyulida terrorchilar "qora ro‘yxati"ga kiritilgan va unga qarshi moliyaviy jazo choralari joriy etilgandi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, u 2009 yil 25 dekabrida Detroyt shahri uzra uchoqni portlatishga uringan nigeriyalik Umar Farrux Abdulmutallabni yollashga ko‘mak bergan.

Avlakiy 1990 - yillarda San Diyego masjidida imomlik qilgan. O‘sha paytlar 2001 yil 11 sentyabr hujumchilaridan ikki nafari uning va‘zlarini tinglash uchun borishgan.

O‘tgan yilning noyabr oyida chiqarilgan videomurojaatida Anvar al-Avlakiy amerikaliklarni o‘ldirishga chaqirgandi.

Bir necha haftadan so‘ng u Yamanning Shabva viloyatida amalga oshirilgan havo hujumlaridan omon qolgan. O‘shanda kamida 30 nafar jangari halok etilgandi.

Anvar al-Avlakiy 2009 yil dekabri va 2010 yilning noyabrida Yaman janubida amalga oshirilgan havo hujumlarida o‘ldirilgani xabar qilingandi.

U o‘tgan may oyida Yaman janubida amalga oshirilgan dron hujumida ham nishonga olingan, ammo unda ham "Al-Qoida"ning o‘rtaroq mansabli ikki a‘zosi hayotdan ko‘z yumgandi.