Pokiston: Kvetta shahri yaqinida avtobusga qarshi hujum uyushtirildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Qurollilar Pokiston janubi-g‘arbida shia musulmonlarini olib ketayotgan avtobusni nishonga olishgan. Politsiyaning aytishicha, hujumda 13 kishi nobud bo‘lgan, 6 inson yaralangan.

Hodisa Baluchiston viloyati markazi Kvetta shahri yaqinida yuz bergan.

Politsiyaning aytishicha, hujumchilar yo‘lovchilarni bir safda tizilishga majburlashgan va keyin otib o‘ldirishgan. Xabarlarga ko‘ra, hayotdan ko‘z yumganlardan 11 nafari, yaralangandan 6 kishisi shialar bo‘lishgan.

O‘tgan bir necha yil asnosida shia ozchiligini nishonga oluvchi qator bomba portlashlari va qurolli hujumlar amalga oshirilgan.

BBCning Islomoboddagi muxbiri Orla Geringa ko‘ra, bu ertalabgi tig‘iz soatlarda o‘ta shafqatsizlarcha amalga oshirilgan hujumdir.

Muxbirimizga ko‘ra, mazhabbozlik mohiyatidagi hujum bir necha hafta oldin ham kuzatilgandi.

Ikki hafta avval 26 nafar shia mazhabidagi ziyoratchilar qurollangan shaxslar tomonidan o‘ldirilgandi.

Qurollilar Baluchistonning Mastang mintaqasida ketayotgan avtobusga hujum qilishgan edi.

Bir oycha avval esa xudkush hujumchi mashinasini shialar masjidi yaqinida portlatib, kamida 11 kishining yostig‘ini quritgandi.

Politsiyaga ko‘ra, qurbonlarning aksariyati shia musulmonlari bo‘lgan.

BBC bilan suhbatda Pokiston Ichki ishlar vaziri Rahmon Malik Panjobning mahalliy hukumatiga maktub yo‘llagani va aksilshia jangarilarni jilovlashi haqida so‘raganini aytdi.

Malik janoblari bu kabi tashkilotlarga nisbatan aksilterror qonunlar qo‘llanilib chora ko‘rilishini istashini urg‘ulaydi. Bu bilan uning aytishicha, “ ayni guruhlarning harakatlari cheklanadi va faoliyatlari ham jilovlanadi”.

U shuningdek, shia ziyoratchilarini Pokistondan Eronga safarlari davomida hukumat qo‘riqlab borishi kerakligini aytdi.

Assoshieyted Press xabar agentligiga ko‘ra, politsiya so‘nggi hujumga uchragan avtobusdagi odamlar Kvetta tashqarisidagi sabzovot bozoriga ishlash uchun ketishayotgan bo‘lganligini aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, shialar so‘nggi voqealardan g‘azablanishgan va Kvettaning asosiy shoh ko‘chasini to‘sib olganlar.

Pokistonda shialar eng ko‘p sonli ozchilikni tashkil etishadi.

Hujumlarning aksariyati uchun ma‘suliyat sunniylardan iborat Lashkari Jhangvi guruhiga yuklanmoqda.

Ayni asosan panjobi guruh Al Qoida va Toliblar bilan aloqada ekani aytiladi.

Shia mazhabidagi pokistonliklar rahbarlari esa o‘zlarini hukumat tomonidan tashlab qo‘yilgan deb hisoblashlarini aytishadi.