Ayrim Afg‘on qishloqlari hamon Tolibon qonuni asosida yashamoqda

Image caption Aka-ukaning biri Tolbion a‘zosi, ikkinchisi Afg‘on armiyasi zobiti

Bundan o‘n yil avval Afg‘onistonda Toliblar qudratdan ag‘darilganiga qaramay, hamon to‘la mag‘lub etilgani yo‘q. BBC muxbiri Pol Vud bugungi jangarilikni o‘rganar ekan, "Toliblar qaytishi mumkinmi?", degan savolga javob qidiradi.

Dashtu-dalalarda shamol uvillaydi, yerda tiz cho‘kib o‘tirgan erkakning ko‘zlari bog‘langan, oyoqlari kishanlangan. Uni Toliblar o‘limga hukm etganlar va hukm ijro etilish arafasida...

Granatomyotlarni yelkalariga osib olgan jangarilar tomoshaga odamlarni to‘plashadi. Ularning aksariyati kamerali qo‘l telefonlariga ega. Shu yo‘l bilan bu hukm ijrosi keng ommaga tarqaladi.

Bir tarafda burqa kiygan uch yosh ayol turibdi. Shu ayollar bu tiz cho‘kib turgan odamni o‘ldirishadi.

Bu odam ularning amakisi... U ayollarning ota-onasini o‘ldirgan.

Qishloq ahliga ko‘ra, bu ayollarning onasi zino qilgan va ularning otasi - o‘limga hukm etilgan bu erkakning akasi "sharmandalik"dan qutilish uchun hech bir amalga qo‘l urmagan.

O‘limga hukm etilgan bu erkak esa g‘azab otiga minadi, ular tushgan mashinaga qarata o‘t ochadi. Avtomobil ichida bo‘lgan ota-ona doxil yana ikki farzandi halok bo‘ladi.

Bugun u to‘rt insonning xunini to‘lashi kerak. Qonga qon, jonga jon... Tolibon jangarilari ayollarga og‘ir Kalashnikov avtomatlarini qanday ushlashni o‘rgatadilar. Bu ayollar otishga hukm qilingan erkakdan atigi bir necha qarich narida turishadi.

"Ot", deydi ulardan biri, "bu oson, ot!"

Ayollar birma-bir o‘q uzishadi.

Bu qatl marosimiga kattagina olomon to‘plangan. Ular shu yaqin atrofda qurilgan yangigina jamoat markazining tomidan joy talashadi. Bu markazni daniyalik nohukumat yordam tashkiloti qurib bergan.

Ayrimlar, shubha yo‘qki, bu tomoshaga Toliblardan qo‘rqib yig‘ilgan. Boshqalar esa "Allohu Akbar" deb xitob qilishadi.

"Odamlar bu kishini otib o‘ldirilganidan xursand edilar", deb xotirlaydi hukm ijrosini tomosha qilganlardan biri.

"Shu atrofdagi 20 yo 30 qishloq Toliblar nazorati ostida... Ular o‘g‘rilarni tutishadi. Odamlarga Toliblarning qilayotgan ishlari ma‘qul... Hukumat jinoyatchilarni jazolamaydi, Toliblar adabini beradi..."

Afg‘oniston istilosiga o‘n yil to‘ldi. Ammo NATO hamon Tolibonni mahv etgani yo‘q. Chekka qishloqlarda hamon Toliblar hukmron. Bu hukm ijrosi Hirot shahridan 100 chaqirim uzoqdagi qishloqda yuz bergan.

Hukm ijrosi uch ayolning qo‘li bilan amalga oshirilgani dahshatli manzaradir. Inson huquqlari tashkilotlari albatta buni qattiq qoralashadi.

Ammo an‘anador qishloqlarda Toliblarni aynan mana shunday amallari uchun qo‘llab-quvvatlashadi.

Shunda ham aksar afg‘onlar Toliblar qaytishini istashmaydi.

O‘tgan haftalarda Kobulda Toliblar bilan muzokaralarga qarshi bir necha namoyishlar kechdi.

Ammo bu jang maydonida nima bo‘lishiga bog‘liq.

Janubda NATOning qo‘li baland kelmoqda, sharqiy bo‘lgalarda esa teskarisi, ya‘ni jangarilar muvaffaqiyat qozonmoqdalar.

Biz mamlakat bo‘ylab jangarilar bilan suhbatlashdik. Nima uchun jangga kirayotganlari bilan qiziqdik.

Aksariyat NATO hujumlari oqibatida o‘z yaqinlaridan ajralgani sabab Toliblar safiga qo‘shilganlarini aytishadi.

Ayrimlar urushlardan charchashgan, ammo to NATO mamlakatni tark etmaganigacha kurashni to‘xtatmasliklarini urg‘ulashadi.

Mulla Mushk Alam saripullik.

Image caption Tolibon a‘zolari NATO kuchlarining qilayotgan amallaridan g‘azabda ekanliklarini aytadilar

"Men Toliblar safiga yetti yo sakkiz oy avval qo‘shildim. Men kofirlarga qarshi jihod qilmoqdaman. Chunki ular vatanimga bostirib kirishdi. Xorijliklar juda ko‘p odamlarni o‘ldirishdi. Ular uylarimizni itlari bilan kirib tintuv qilishadi. Noma‘qul shaklda ayollarimiz va bolalarimizni tekshirib ko‘rishadi. Men Toliblar safiga qo‘shilishimning yana bir sababi poraxo‘r hukumatdir. Ikki akam va amakim NATO bombardimoni tufayli qurbon bo‘ldi. Ularning jasadlarini uyga keltirishgan kuni men shunday qaror qildim. NATOga qarshi kurashishni dilimga tugdim. Menga o‘xshaganlar juda ko‘p. Bir qishloqda avval o‘nta tolib bo‘lsa, bugun ular yuzta...Toliblar pul berishmaydi bizga, biz o‘zimiz borimizni sarflab jang qilamiz, biz albatta g‘alaba qilamiz. Islom g‘olib dindir”.

Men ham bir Tolibon jangarisi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. U Kobul tashqarisidagi bo‘lgalardan birida yashaydi.

U bilan uchrashishimga yana bir sabab, suhbatdoshimning o‘zi tolib bo‘lsa, akasi Afg‘on armiyasining zobitidir. Tadqiqotlarim davomida bu kabi holat ancha keng tarqalganiga guvoh bo‘ldim.

"Rahimulloh" chordona qurib o‘tirar, hozir 20 yoshda ekani, 16 yoshidan beri Toliblar safida ekanini aytdi.

Men undan, agar shart deyilsa, hukumat armiyasi zobiti bo‘lgan o‘z akangni ham o‘ldirishga tayyormisan, deb so‘radim.

U nihoyatda sokinlik bilan etni junjiktiradigan javob berdi.

"Kofirlarga qo‘shilganlarga qarshi kurashamiz. Ular bizning akamiz va yo otamiz bo‘lsa ham farqi yo‘q... Dinimiz shuni taqozo etadi".

Undan yosh bolalar xudkush hujumchilarga aylantirilayotgani haqida ham so‘radim. "Biz odamlarni xudkush hujumlarga majbur qilmaymiz. Ular o‘zlari dinlari uchun qurbon bo‘lishga tayyorlar..."

Uning katta akasi "Abdurashid" esa armiyaga faqat maoshini olib turish uchun borishini aytadi. U ikkala tomonni ham dastaklamasligini urg‘ulaydi. Ammo suhbat davomida NATOni "kofirlar" deb tanishi, ammo jangarilardan ham qo‘rqishi ayon bo‘ladi.

"Toliblar qishlog‘imizda nazoratni o‘z qo‘llariga olishgan. Agar birodarim Toliblar safida bo‘lmasa, meni allaqachon olib ketgan bo‘lishadi". Bu zobit sakson askarga boshliq zobitning o‘rinbosari ekan.

Agar Toliblar undan yordam so‘rashsa qanday yo‘l tutadi?

"Agar Toliblar majbur qilishsa, albatta ularga yordam beraman", deydi bu zobit.

NATO esa Afg‘onistonda o‘z maqsadlariga erishayotganini aytadi. Bir yil mobaynida mamlakat bo‘ylab zo‘ravonlik yetti foizga tushgan. Eng mushkul vaziyat hukmron Helmandda esa bu ko‘rsatkich yigirma yetti foiz...

Ammo bu kabi ma‘lumotlar ortida boshqa bir voqe‘lik bor. Jangarilar tobora taniqli shaxslar va arboblarni nishonga olmoqda.

Toliblar g‘alaba qilishayotgani yo‘q, ammo ularni mag‘lub bo‘lishmoqda, deyish ham mushkul.