Rossiya va Xitoy Suriyaga qarshi BMT rezolyutsiyasiga veto qo‘yishdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining Suriya hukumatiga qarshi rezolyutsiyasiga veto qo‘yishdi.

Rezolyutsiya Suriya hukumatining aksil-hukumat chiqishlarini bostirishda qo‘llagan choralarini keskin qoralaydi.

Ovoz berishda vetoni chetlab o‘tish maqsadida Damashqqa qarshi jazo choralarini qo‘llashni nazarda tutuvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqiriqlar rezolyutsiyadan olib tashlangan edi.

Biroq Moskva va Pekin ushbu o‘zgartirishlardan qoniqishmadi. Vashington vakili esa Qo‘shma Shtatlar ovoz berish natijalaridan "g‘azabda" ekanini aytdi.

Nyu-Yorkdagi BBC muxbiri Lora Trevelyan so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Xitoy tomonidan ikki tomonlama vetoning qo‘yilishi - Suriyadagi inqirozni xalqaro hamjamiyat kuchi bilan hal qilishga urinayotgan Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqiga jiddiy zarbadir.

BMT ma‘lumotiga ko‘ra, Suriyada shu yil mart oyida ommaviy chiqishlar boshlanganidan buyon 2700 ko‘proq odam halok bo‘lgan.

Bashar Asad boshchiligidagi Suriya hukumati muxolifat bilan muloqot olib borayotgani va keng ko‘lamli islohotga tayyorlanayotganini aytadi.

Damashq rasmiylariga ko‘ra, tartibsizliklar ortida noqonuniy qurolli guruhlar turibdi.

"Nomaqbul rezolyutsiya"

Britaniya, Olmoniya va Portugaliya ko‘magida Frantsiya tomonidan tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qilish uchun BMT Xavfsizlik Kengashining 15 a‘zosidan to‘qqiz nafari ovoz bergan. To‘rt mamlakat vakillari ovoz berishdan tiyilganlar.

Tartibga ko‘ra, rezolyutsiyaning qabul qilinishi uchun Xavfsizlik Kengashining aksari uni qo‘llab-quvvatlashi lozim, ammo Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a‘zosi - Rossiya, Xitoy, Frantsiya, Buyuk Britaniya va AQSh - veto huquqidan foydalanib, ovoz berish natijalarini bekor qilishi mumkin. Bu gal xuddi shunday bo‘ldi.

Suriya masalasida Pekin va Moskva mavqe‘i bilan oldindan tanishib chiqqan Ovro‘po mamlakatlari veto qo‘yilishini chetlab o‘tishga uringanlar.

Biroq Rossiya Tashqi ishlar vazirining muovini Gennadiy Gatilov rezolyutsiyani "nomaqbul", deya atagan. Uning ishonishicha, rezolyutsiya Bashar Asad hukumatini muxolifat bilan dialogga chaqirish o‘rniga, Suriyaga qarshi jazo choralarini qo‘llashni nazarda tutadi.

Pekin, o‘z navbatida, "hozirgi sharoitda qarshi jazo choralarini qo‘llash yoda unga tahdid qilish Suriyadagi muammolarga yechim topish imkonsiz deb ishonadi", deya bayonot berdi Xitoy vakili Li Baodun.

"Bunday choralar vaziyatni yanada chigallashtirib yuboradi", - deb ogohlantirdi u.

Xavfsizlik Kengashida bo‘linish Liviyadagi mojaro tufayli keskinlashdi. Moskva va Pekinning ishonishicha, NATO Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini oyoq osti qilgan.

Tahlilchilar so‘zlariga ko‘ra, ovoz berish natijalari Suriya mojarosi yuzasidan dunyoning qudratli davlatlari turlicha mavqe‘da ekanini ko‘rsatadi.