Apple muallifi Steve Jobs olamdan o‘tdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи REUTERS

Apple shirkatining sobiq boshqaruvchi raisi Stiv Jobs 56 yoshida olamdan o‘tdi.

Apple shirkatining ta‘rifida shunday deyiladi, " nurli zakovati, ishqi va ishtiyoqi sanoqsiz yangiliklar manbai edi va bizning hayotimizni yaxshiladi, boyitdi... Dunyo Stiv yashagani uchun bugun yaxshiroqdir".

Stiv Jobs 2004 yilda oshqozon osti bezi saratoniga chalinganini e‘lon qildi.

Stiven Pol Jobs 1955 yilda, 24 fevralda San Fransiskoda tavallud topadi. Universitetda tahsil olayogan ikki talaba - biri Suriyalik musulmon Abdulfattoh Jandali, ikkinchisi Joan Shiiblning nikohdan tashqarida tug‘ilgan farzandini keyinroq Kaliforniyalik Pol va Klara Jobslar asrab olishadi.

Oradan bir muddat o‘tib, Stivning ta‘bir joiz bo‘lsa asl, biologik ota onalari Abdulfattoh va Joan turmush qurishadi va qiz ko‘rishadi.

Mona ismli bu qizaloq Stivning singlisi bo‘lib, bu haqda u oradan yillar o‘tib, balog‘atga yetgach bilib qoladi.

Amerika Prezidenti Barak Obamaga ko‘ra, " Stiv Amerikaning buyuk ixtirochilaridan edi. U boshqacha o‘ylashga jur‘at qila oldi, dunyoni o‘zgartiraman deb ishonadigan darajada qat‘iyatli va bu istagining uddasidan chiqadigan iste‘dodga ega edi".

Microsoft rahbari Bill Geyts Stiv Jobsning texnologiya dunyosiga ulkan ta‘sir ko‘rsatgani va bu hali bir necha avlodlarda akslanishini aytgan.

Geyts janoblariga ko‘ra, Stiv Jobs bilan ishlaganlar bu imkoniyatni o‘zlari uchun misli ko‘rilmagan sharaf deb biladilar.

Nyu York meri Maykl Blumberg esa, " Amerika dahosidan ayrildi. Uni Edison va Eynshteyn bilan bir qatorda eslashadi", deb aytgan.

Stiv Jobs dunyoga iMac kompyuteri,iPod va iPhonelarni taqdim qildi.

Uning o‘limidan bir kun avval Apple shirkati yangi iPhone 4S modelini e‘lon qilgandi.