Amerika sobiq qo‘mondoni: "Afg‘oniston urushida maqsadga erishilmadi"

Image caption Amerika kuchlarining Afg‘onistonga kirganiga o‘n yil to‘ldi

Afg‘onistondagi ittifoqchi kuchlarning sobiq qo‘mondoniga ko‘ra, urush 10 yildirki davom etayotganiga qaramay, AQSh va NATO kuchlari o‘z maqsadlari sari siljiy olmaganlar.

Iste‘fodagi general Stanli Makkristal AQSh urushning "o‘ta sodda" qarash bilan boshlagan va hali ham uni muvaffaqiyat bilan yakunlash uchun bilimga ega emas.

AQSh amaliyoti Usama bin Lodinni topib, Tolibonni yo‘q qilishni mo‘ljallagan. Birlashgan Millatlarga ko‘ra, o‘tgan besh yilning o‘zida 10 mingdan oshiq oddiy fuqarolar halok bo‘lishgan.

Askarlar orasida esa 2,500 nafari nobud bo‘lgan, ularning aksari amerikaliklardir.

Mazkur mojaro allaqachon Vьetnam urushidan ham uzoqqa cho‘zilib, Amerika tarixidagi eng davomli urushga aylangan.

"Sun‘iy anglash"

Image caption "...tarix borasida o‘ta jo‘n qarashga ega bo‘lganmiz". S.Makkristal

Tashqi Aloqalar Kengashida nutq so‘zlay turib, 2009-10 yillarda ittifoqchi qo‘shinlarni boshqargan va so‘ngra oynomadagi intervьyusi tufayli iste‘fo berishga majburlangan General Makkristal AQSh va NATO qo‘shinlari o‘z harbiy maqsadlariga eltuvchi yo‘lning yarmidan sal ko‘prog‘ini bosib o‘tishganini aytdi.

Unga ko‘ra, eng og‘ir vazifa afg‘onlar ishonchini qozona oladigan va Tolibon ta‘sirini muvozanatda ushlab tura oladigan qonuniy hukumatni barpo qilishdir.

"Biz avval ham yetarli bilimga ega emasdik, hozir ham ega emasmiz," dedi u.

"Ko‘pchiligimiz, xususan men ham, vaziyat va tarixni juda sun‘iy yo‘lda tushunganmiz, va oxirgi 50 yillik tarix borasida o‘ta jo‘n qarashga ega bo‘lganmiz," dedi general Makkristal.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston ishg‘oli AQShning 11 sentyabr hujumlari ortidan o‘zini mudofaa qilish huquqini qo‘llayotganidek namoyon bo‘lgan bo‘lsa, ikki yil o‘tib Iroqning ishg‘ol qilinishi "Amerika sa‘y harakatlari borasidagi musulmon dunyosidagi qarashlarni o‘zgartirdi", va Afg‘onistonda zarur bo‘lishi mumkin bo‘lgan harbiy zahiralarning sarflanishiga sabab bo‘ldi.

Kamtarona zafar

Image caption Toliblar qaytmoqdami?..

Kobuldagi BBC muxbiri Pol Vudga ko‘ra G‘arb rahbarlari NATO 2014 yilda harbiy rolini to‘xtatishi ortidan Afg‘onistonning ba‘zi qismlari zo‘ravonliklar ichida qolishini tan olishadi. Uning aytishicha, Tolibon bilan tinchlik bitimiga erishilmaguncha, bu urushning yakun topishiga ko‘plarning ko‘zi yetmaydi.

Afg‘on Ko‘magini Muvofiqlashtiruvchi AKBAR Agentligiga a‘zo nohukumat tashkilotlar o‘tgan o‘n yillik ichida 57 milliard dollar ko‘mak puli berilganini aytishadi, ammo ba‘zi kamtarona muvaffaqiyatlarga qaramay, ko‘p afg‘onlarning turmushi hali ham o‘zgarmagan.

Masalan, Xalq Salomatligi Vazirligiga binoan, bugunga kelib 80% afg‘onlar tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lishlari mumkin. 2001 yilda bu ko‘rsatkich atigi 9% bo‘lgan.

Ammo, yangi kasalxonalar ko‘p hollarda yopilib qoladi yoki zarur jihozlarga ega bo‘lmaydi.

"Bosh sarlavhalarga aylanadigan raqamlar ortida dori yo shifokorlari tanqis bo‘lgan kasalxonalarga yetishishga urinayotgan, va kitob yo sinfxonalarsiz ta‘lim olishga intilayotgan bolalar turibdi," deydi AKBAR direktori Ann Garella.

Afg‘oniston, shuningdek, oxirgi 10 yillik ichidagi eng yomon qurg‘oqchilikka yuz tutmoqda. Jahon Oziq-ovqat dasturiga ko‘ra, 2.6 million odam yordamga muhtoj bo‘ladi.