Rossiyada hamon jurnalistlar va huquq faollari xavf ostida

Image caption A.Politkovskaya o‘limidan besh yil o‘tib ham vaziyat o‘zgarmagan...

"Novaya gazeta" nashrining sharhlovchisi Anna Politkovskaya o‘limidan besh yil o‘tib ham rossiyalik jurnalistlar, faollar va inson huquqlari himoyachilari xavf ostidalar, deyiladi Amnesti Interneyshnl tashkilotining hisobotida.

Tashkilot vakili Jon Dalheysenga ko‘ra, mamlakatda inson huquqlari buzilishi va hukumatni tanqid qilganlar aksariyat paytlarda hujumga uchraydilar va yo o‘z vazifalarini ado etganlari uchun o‘ldirib ketiladilar.

"Bunga toqat qilib bo‘lmaydi. Bu kabi hujumlar to‘la va mustaqil shaklda tekshirilmaydi va jinoyatchilar berkinishga muvaffaq bo‘ladilar, " deydi tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo loyihasi rahbari o‘rinbosari.

2006 yilning 7 oktyabrida Anna Politkovskayaning o‘limi yuzasidan tergov ishlari o‘ta sust kechmoqda.

"Novaya gazeta" bosh muharriri Dmitriy Muratovning Interfaks agentligiga aytishicha, " qotillikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingan, tashkilotchilaridan biri sifatida esa Ichki ishlar vazirligida sobiq tezkor qidiruv bo‘limi rahbari bo‘lib ishlagan Dmitriy Pavlyuchenkov ko‘rilmoqda, " deb aytgan.

Uning aytishicha, bu ham gazeta va ham Tergov Qo‘mitasining yirik muvaffaqiyatidir.

Image caption Amnesti Interneyshnlga ko‘ra, Rossiya fuqarolik jamiyatini qurishni istasa huquq faollari va jurnalistlarni himoya qilishi kerak

Shunga qaramay, Amnesti Interneyshnlga ko‘ra, ayni jinoyatning barcha ishtirokchilari va buyurtmachilari javobgarlikka tortilishiga kafolat yo‘q.

Jurnalistlar, advokat va faollarga so‘nggi hujumlar manzarasida faqatgina himoyachi Stanislav Markelov va jurnalist Anastasiya Baburova qotilligi bo‘yicha tergov muvaffaqiyatli yakunlangan, deyiladi hisobotda.

Qolgan voqealar, xususan, huquq faoli Natalya Estemirovaning o‘g‘irlab ketilishi va o‘ldirilishi, "Kommersant" muxbiri Oleg Kashinning do‘pposlanishi va "Ximkinskaya pravda" gazetining Bosh muharriri Mixail Beketovning do‘pposlanishi borasida ochilgan ishlar nihoya topmagan.

" Toki sharhlovchilar tan olinib, lozim bo‘lgan himoya kafolatlanmas ekan Rossiyada fuqarolik jamiyati qurish mumkin emas. Rossiyaning bunga ehtiyoji bor. Aks holda, Rossiyada korruptsiya avj olaveradi, xizmat vazifasini suiste‘mol qilish va inson huquqlarini buzish davom etadi", deb aytdi Jon Dalheysen.

Ayni vaqtda Anna Politkovskayaning o‘limiga besh yil to‘lgan kuni "Novaya gazeta" Facebook tarmog‘ida maxsus sahifa ochdi.

Bundan maqsad Dmitriy Muratovga ko‘ra, ochiqchasiga gapirishdan cho‘chiyotganlar uchun o‘z fikrlarini izhor etishga imkon yaratishdir.

Xalqaro Amnistiya faollari esa kelasi yil ham ular jurnalistlar va huquq faollariga qarshi hujumlarni mustaqil tekshirish uchun o‘z harakatlarini davom ettirishlarini urg‘ulamoqdalar.