Qohiradagi to‘qnashuvlardan so‘ng Misr Bosh vaziri aholini osoyishtalikka chaqirdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Zo‘ravonliklar Prezident Muborak ag‘darilganidan keyingi ilk parlament saylovlari arafasida yuz bermoqda

Qibtiy nasroniylar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 24 kishining halok bo‘lishi ortidan Misr Bosh vaziri Assam Sharaf aholini osoyishtalikka chaqirgan.

Zo‘ravonliklar o‘tgan hafta Asvan viloyatidagi cherkovga hujumga qarshi Qohirada o‘tkazilgan norozilik namoyishidan so‘ng boshlangan.

Ayrim musulmonlar qibtiylarning harbiylar boshqaruviga qarshi noroziligiga qo‘shilishgan, boshqalari esa hukumatning barqarorlikni saqlash chaqiriqlariga javob berganlar.

Dushanba kuni Vazirlar mahkamasining favqulodda yig‘ilishi chaqirilgan.

Tungi komendantlik soati mahalliy vaqt bilan ertalab 7 da bekor qilingan.

Qohiraning to‘qnashuvlar yuz bergan hududini borib ko‘rgan Bosh vazir Assam Sharaf namoyishchilarning harbiylarning hokimiyatini tugatish haqidagi chaqiriqlariga ham javob bergan.

"Mamlakat xavfsizligiga eng jiddiy tahdid milliy birdamlik bilan o‘ynashish va Misrning musulmon va nasroniy o‘g‘lonlari orasida nizo chiqarishdir", - deb aytgan janob Sharaf yakshanba kuni tunda televideniye orqali qilgan chiqishida.

Unga ko‘ra, bu kabi zo‘ravonliklar "fuqarolar va armiya o‘rtasidagi munosabatlarni xavfi ostiga qo‘ymoqda".

Yakshanba kungi to‘qnashuvlar shu yil fevralida Husni Muborak hokimiyatdan ag‘darilganidan buyon yuz bergan eng halokatli zo‘ravonliklar bo‘lgan.

Misr televideniyesi namoyishchilarning xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashayotgani, norozilik o‘tirishi rejalangan davlat televideniyesi binosi tashqarisida politsiya mashinalarining yonayotgani aks etgan lavhalarni namoyish etgan.

Yaralanganlarning ko‘pchiligi olib kelingan qibtiylar shifoxonasi tashqarisida ham mashinalarning yoqib yuborilgani haqida xabarlar olingan.

So‘nggi oylarda Misrda mazhablararo tangliklar kuchaygan.

Misr aholisining 10 foizini tashkil etuvchi qibtiylar iqtidordagi harbiy kengashni nasroniylarga qarshi hujumlarni uyushtirganlarga nisbatan yumshoq muomalada bo‘lishda ayblashgan.

Toshbo‘ron

Qohira shimolidagi Shubra mavzeyidan davlat televideniyesiga tomon boshlangan dastlabki norozilik yurishida minglab, asosan nasroniylar, ammo shu bilan birga nasroniy bo‘lmaganlar ham qo‘shilishgan.

Namoyishchilar harbiy kengashdan Asvan viloyati hokimini lavozimdan chetlatishni talab qilishgan.

Ular shuningdek, davlat televideniyesini aksilnasroniy targ‘ibotlarini avj oldirishda ham ayblaganlar.

Ammo namoyishchilar xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashishdan oldin fuqaro kiyimidagi shaxslarning hujumiga uchraganliklarini aytishmoqda.

Zo‘ravonliklar televideniye binosi tashqarisida boshlanib, tezda Prezident Muborakning iste‘fosiga olib kelgan namoyishlar markazi bo‘lgan Tahrir Hiyoboniga yoyilgan.

Ko‘chadagi zo‘ravonliklarga minglab kishilarning qo‘shilgani, har ikki tomonga hujumlar bo‘lgani aytiladi.

Tartibsizlik qatnashchilari yo‘laklarni qo‘porib olishgan va toshlarni otganlar.

Muxbirlarga ko‘ra, ko‘pgina musulmonlar nasroniylarni xavfsizlik kuchlaridan himoya qilish va harbiylar hokimiyatiga qarshi norozilik izhor qilish uchun uchun yetib kelganlar.

Namoyishchilardan ba‘zilari harbiy kengash, xususan uning raisi, feldmarshal Muhammad Tantoviyning iste‘fosini talab qilishgan.

Ayrim namoyishchilar otishma ovozlarini eshitganliklari va harbiy mashina kamida besh kishini urib ketganini aytishgan.

Shohidlardan birining aytishicha, xavfsizlik kuchlari olomonga qarata rezina o‘qlar otgan va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz purkagan.

Qohiradagi Ramses Hilton mehmonxonasi yonida bo‘lgan Nozli Husayn BBCga shu yil boshidagi namoyishlar chog‘ida zo‘ravonliklar avjiga chiqqan 28 yanvar-2 fevral kunlaridan buyon buyon poytaxt ko‘chalarida buncha ko‘p o‘likni ko‘rmaganini aytgan.

Yana bir shohid, Sandra ismli nasroniy esa Maspero Hiyobonidagi zo‘ravonliklarni uyidan turib kuzatgan.

"Hamma narsa uyimizning shundoqqina tagida yuz berdi", deb aytgan u BBCga. "Hammasi ko‘z ochib yumguncha sodir bo‘ldi. Armiya tanklar bilan bostirib keldi va to‘g‘ri olomonning ustiga qarab yurdi. Jasadlar hamma yerda sochilib yotardi. Odamlar jon holatda baqirishar va chopishardi", - deydi u.

Rasmiylar hozirga qadar tanklarning olomon ustiga bostirgani haqidagi guvohliklar yuzasidan sharh berishmagan.

Misr Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 24 kishi halok bo‘lgan, 212 odam yaralangan.

Vazirlik voizi Hisham Shihaning BBCga aytishicha, yaralanganlarning kamida 86 nafari xavfsizlik kuchlari xodimlaridir.

Kamsitish xavotirlari

Qohiradagi BBC muxbiriga ko‘ra, oxirgi bir necha oyda Misrdagi siyosiy va xavfsizlik bo‘shlig‘ida mazhablararo tangliklar kuchaygan.

Nasroniylar an‘anador islomchilar ta‘sirining kuchayib borayotganidan xavotirda.

May oyida qibtiy cherkovlariga hujumda 12 kishi halok bo‘lgan, mart oyida Tahrir Hiyobonida musulmonlar va qibtiylar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvda esa 13 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

So‘nggi zo‘ravonliklar 28 noyabrga belgilangan parlament saylovlari arafasida yuz bermoqda.

Misrning eng yirik milliy ozchiligi bo‘lgan qibtiylar o‘zlariga nisbatan kamsitishlardan shikoyat etishadi.

Jumladan, cherkov qurilishi uchun prezidentning ruxsatini talab qiluvchi qonun.

Misr faqat nasroniylarning Islomni qabul qilishini tan oladi, xolos.

Buning aksi esa qonun tarafidan e‘tirof etilmaydi.