Iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti amerikaliklarga berildi

Image caption Sarjent va Sims makroiqtisodiyotdagi sabab va oqibat bog‘liqligini o‘rganishgan

Iqtisod cohasida bu yilgi Nobel mukofotiga amerikalik Tomas Sarjent va Kristofer Simslar loyiq ko‘rildi.

Shvetsiya Akademiyasining bayonotida aytilishicha, mukofot makroiqtisodiyotdagi sabab va oqibatlarga bag‘ishlangan tadqiqot uchun berilgan.

Mukofot sohiblari "iqtisodiy siyosat va turli-tuman makroiqtisodiy o‘zgarishlar, jumladan, yalpi ichki mahsulot, inflyatsiya, bandlik va sarmoyalar o‘rtasida sabab va oqibat bog‘liqligiga doir savollarga javob olish uslubini kashf etganlar".

68 yoshli Tomas Sarjent Nьyu York Universitetining iqtisod bo‘yicha professori.

Shvetsiya Akademiyasi uning Ikkinchi Jahon urushidan keyingi iqtisodlarga doir tadqiqotiga e‘tibor qaratgan.

Bu davrda ko‘pgina davlatlar yuqori inflyatsiya siyosatini yurgizishgan, ammo pirovardida iqtisodiy siyosatda muntazam o‘zgarishlarni joriy etishgan va inflyatsiya darajasining past bo‘lishiga erishganlar.

Professor Sarjentning tengdoshi bo‘lgan Kristofer Sims esa, Prinston Universitetining iqtisod va bank sohasi bo‘yicha professoridir.

Shvetsiya Akademiyasining bayonotida aytilishicha, professor Sims iqtisodiy siyosatdagi vaqtinchalik o‘zgarishlar va boshqa omillar, jumladan, markaziy banklar tomonidan belgilanadigan foiz ko‘rsatkichlarining iqtisodiyotga ta‘sirini o‘rgangan.

2010 yildagi Nobel mukofoti Piter Daymond, Deyl Mortensen hamda Kristofer Pissaridaslarga iqtisodni tartibga solish va siyosatning ish o‘rinlari va ish haqlariga ta‘siri sohasidagi tadqiqotlari uchun berilgandi.