Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Xitoyga safarini boshladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin 2012 yil Kremlga qaytish niyatini e‘lon qilganidan buyon ilk bor xorijga safar qilmoqda.

Janob Putin ikki kunlik tashrif bilan Xitoyga kelgan.

Safar davomida Rossiya-Xitoy sarmoya jamg‘armasi tuzishga oid hujjatni imzolash, ikkitomonlama iqtisodiy aloqalar hamda ehtimolki, Suriyadagi vaziyatni muhokama qilish rejalangan.

Asosiy masala - energetika ta‘minoti, Xitoyga yetkaziladigan Rossiya gazi bahosi bo‘lishi aytiladi. Ammo, tahlilchilar ayni masalaga bu gal to‘la yechim bo‘lmasligini taxmin qiladilar.

Moskva kelasi 30 yil ichida Xitoyni 70 milliard kub metr gaz bilan ta‘minlashga tayyor. Biroq, ikki tomon hali baholar bo‘yicha kelisha olganlari yo‘q.

Bosh vazirga o‘rinbosarlar - Igor Sechin va Aleksandr Jukovlar, Qishloq xo‘jaligi vaziri Yelena Skrыnnik, Aloqa vaziri Igor Shchegolev, Tabiiy zahiralar vaziri Yuriy Trutnev, "Gazprom", "Transnefti" hamda boshqa shirkatlar vakillari hamrohlik qilishmoqda.

Ish safari Xitoy rahbarlari va Bosh vaziri Ven Jiabao bilan muzokaralardan boshlanadi va keyin tomonlar 7 milliard dollarga teng 20 yaqin kelishuvlarni imzolaydilar.

Jumladan, 4 milliard dollarlik hajmga ega Rossiya-Xitoy sarmoya jamg‘armasi tuzishga oid memorandum ham imzolanishi kutiladi.

"Hisoblashish kerak bo‘lgan rahbar"

"Rossiyada tashqi siyosat bilan prezident shug‘ullanadi; xorijga katta sondagi hay‘at bilan prezident boradi va bosh vazir odatda ichkarisidagi iqtisodni boshqaradi. Ammo, Xitoyga oliymaqom tashrif bilan kim bormoqda? Bosh vazir Vladimir Putin", deydi BBC muxbiri Stiv Rozenberg.

Muxbirimizga ko‘ra, bu bir necha oy ichida Putin janoblari yana Prezident bo‘lishi alomatidir.

Vladimir Putin allaqachon mazkur lavozimga qaytish niyatini e‘lon qilgan va ko‘zga yaqqol tashlanadigan raqiblarsiz uning Kremlga qaytishi yo‘lida to‘siqlar deyarli yo‘q deyish mumkin.

"Janob Putinning Pekinga safari esa, dunyo hisoblashishi kerak bo‘lgan rahbar u ekani borasidagi mujdani yo‘llaydi", deydi Stiv Rozenberg.