Suriya g‘alayoni: BMT qurbonlar sonini 3000ga yetdi demoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Bashar al-Assadga qarshi norozilik yetti oy avval boshlangan edi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyada Prezident Bashar al- Assadga qarshi yetti oydan beri davom etayotgan norozilik chiqishlarida 3000 kishi qurbon bo‘lganini aytgan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Navi Pillayga ko‘ra, qurbonlari orasida kamida 187 nafar bolalar bor. O‘tgan o‘n kun ichida qurbonlar soni 100 nafar bo‘lgan.

BMTga ko‘ra, yuzlab suriyaliklar hibsga olingan.

Pillay xonim Suriyaning " shafqatsiz tazyiqlari fuqarolar urushiga sabab bo‘lishi"dan xavotir izhor etgan.

Damashqdagi hukumat esa "terrorchi guruhlarni" ayblab, xavfsizlik kuchlaridan 1100 ortiq qurbon berilganini aytadi.

Navi Pillayning aytishicha, "xalqaro hamjamiyatning barcha a‘zolari gardanida birgalashib himoya harakatini boshlash ma‘suliyati bor".

BMT so‘zchisi Rupert Kolvil yuzlab suriyaliklarning hibsga olingani va qiynoqqa solinayotgani va yo g‘oyib bo‘lganini urg‘ulagan.

Uning aytishicha, muxolifatni qo‘llab quvvatlayotganlarning oila a‘zolari ham Suriyada va ham xorijda nishonga olinmoqda.

Ovro‘po ittifoqida loyihalangan BMT qarori agar Suriya hukumati tazyiqlarni to‘xtatmasa "choralar" ko‘rilishi bilan tahdid qiladi, ammo ayni rezolyutsiya loyihasiga Xitoy va Rossiya veto qo‘ydi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption "...shafqatsiz tazyiqlar fuqarolari urushiga sabab bo‘lishi mumkin". BMT mulozimi Navi Pillay

Shunda ham Moskva va Pekin yaqinda Damashqni zudlik bilan va‘da qilingan islohotlarni o‘tkazishga da‘vat qilgan.

Muxbirlarga ko‘ra, bu ham Moskva va ham Pekin Damashq hukumatidan toqati toq bo‘lganiga ishoradir.

Kolvil janoblariga ko‘ra, diplomatik harakatlar "hech qanday natija berayotgani yo‘q va har kuni insonlar qurbon bo‘lishmoqda".

Uning nazarida, faqat "yaxshi bo‘ladi" deb o‘tirish bilan ish bitmaydi.

Suriya Inson Huquqlari Kuzatish tashkilotining xabariga ko‘ra, Payshanba kuni kamida 36 kishi qurbon bo‘lgan, ulardan 25 nafari askarlardir.

Shimoliy-g‘arbiy Banash shahrida zo‘ravonlik avjiga chiqqani aytiladi.

Ayni xabarda aytilishicha, Daraa va Homsda ham qurbonlar bor.

Damashq tashqarisida ayrim to‘polonlar kuzatilgan bo‘lsa ham, shaharda nisbatan barqarorlik hukmron.

Chorshanba kuni minglab suriyaliklar Prezident Bashar al- Assadni dastaklab namoyishga chiqishgan edi.