Rosiya Bosh vaziri prezident saylovi haqida: "Tanlov doimo mavjud"

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Vladimir Putin Rossiya fuqarolarida tanlov imkoni borligini ta‘kidlaydi

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin, agar u bo‘lajak prezident saylovida ishtirok etsa, natija oldindan aniq ekani haqidagi fikrlarga qo‘shilmasligini bildirdi.

"Oddiy fuqaro uchun tanlov doimo bor", – dedi u Rossiyaning uch televizion kanali bilan suhbatda.

Bosh vazirning ishontirishicha, uning prezident saylovida ishtirok etishi rossiyaliklarda tanlov yo‘qligini anglatmaydi.

Suhbatning bir qismi "Rossiya 24" televizion kanali orqali namoish etilgan. Intervyu to‘laligicha dushanba kuni kechqurun namoyish etilishi e‘lon qilingan.

Prezident Dmitriy Medvedev 24 sentyabrda iqtidordagi "Yagona Rossiya" partiyasi anjumanida chiqish qilib, Vladimir Putinga prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surishni taklif qilgandi.

Dmitriy Medvedev agar Vladimir Putin saylovda g‘olib chiqsa, Bosh vazirlik vazifasini bajarishga tayyor ekanini ma‘lum qilgandi.

Bosh vazirning prezidentlikka nomzodi 27 noyabrda "Yagona Rossiya" partiyasining navbatdagi anjumanida e‘lon qilinishi kutilmoqda.

Rossiya telekanallari bilan suhbati chog‘ida Vladimir Putin "Yagona Rossiya" kelajagi haqida gapirib, ushbu partiya mamlakatda yetakchi siyosiy kuch bo‘lib qolishi kerakli, biroq uning rahbarlari orasida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi zarurligini bildirdi.