Britaniya bandargoh va aeroportlarida yuzlab bolalar ushlab turiladi

Image caption Britaniyada 4200 dan ortiq balog‘atga yetmagan boshpana izlovchi bor

Britaniya hukumati bolalarni Migratsiya Markazlarida ushlab turishga nuqta qo‘yishini aytgan.

Ammo bu va‘da portlar va aeroportlarni qamrab olmaydi.

Ma‘lumot erkinligiga oid qonun chorcho‘basida chiqarilgan raqamlarga ko‘ra, joriy yilning may va avgust oylari ichida Dover bandargohi, Hitrou, Gatvik va Stansted aeroportlarida yoshi 18 dan past bo‘lgan 697 bola hibsga olingan.

Ularning chorak qismidan ko‘prog‘i yakka sayohat qilayotgan bo‘lgan.

Bolalar Jamiyati hisobotida ta‘kidlanishicha, shu tariqa har yili Britaniya bo‘ylab ikki mingdan ko‘proq bola tutiladi.

Britaniya Ichki ishlar vazirligining aytishicha, bolalar, shaxsi aniqlangunga qadar, nari borsa 24 soatga qadar ushlab turiladi.

Ammo qamoqxonalar bo‘yicha katta nozir ushbu tajriba yuzasidan o‘z xavotirlarini izhor etgan.

"Biz Britaniya janubi-g‘arbida haddan ziyod bolalarning ushlab turilganidan dahshatga tushdik va hukumat o‘z va‘dasini bajara olmaganidan juda ranjidik. Hibsga olishlar Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazorat etilmagani xavotirlarni uyg‘otadi," - deb aytgan Britaniya Bolalar Jamiyatining boshlig‘i Bob Reytmeyyer.

U Britaniya Ichki ishlar vazirligidan mazkur holat bo‘yicha tekshiruv boshlashni talab qilgan.

Bolalar Jamiyati chiqargan hisobotda ushlab turilgan bolalar millati va qaysi mamlakat fuqarosi ekaniga oid ma‘lumotni bermagan, biroq Britaniyaga yakka o‘zi keladiganlarning deyarli yarmini afg‘onistonlik o‘spirinlar tashkil etadi.

Britaniyaning nufuzli - "Gardian" gazetasi chop etgan maqolaga ko‘ra, Britaniya Chegara Agentligi yakka o‘zlari Britaniyaga kelib, boshpana so‘ragan afg‘on o‘spirinlari uchun Afg‘onistonda "reintegratsiya markazlarini" ochish niyatida.

"Gardian"ning ta‘kidlashicha, qiymati 4 million funt sterlingga teng ayni markazni ochish bilan Britaniya afg‘onistonlik balog‘atga yetmagan bolalarni vatanlariga qaytarib yuborish imkoniga ega bo‘ladi.