Yigirmadan ortiq turk aksari kurd isyonchilari tomonidan halok etildi

Image caption Turkiya hukumati PKKni terrorchi tashkilot deb hisoblaydi

Xabarlarga ko‘ra, Turkiya janubi-sharqidagi bir necha politsiya va armiya bo‘linmalarida yuz bergan to‘qnashuvlarda 21 turk askari kurd isyonchilari tomonidan halok etilgan.

Hakkari viloyatining hokimi Muammer Turker hujumlar yuz berganini tasdiqladi.

Bir kun muqaddam Turkiya janubi-sharqida yuz bergan yana bir viloyat – Bitlisda yuz bergan portlashda besh politsiya zobiti doxil 8 inson halok bo‘lgandi.

Asosan etnik kurdlardan iborat mazkur hudud yaqinda kurd isyonchilari zo‘ravonliklariga sahna bo‘lgandi.

O‘shanda Turkiya isyonchilarga xayrixoh bo‘lgan shaxslarni hibsga olish va Iroq shimolidagi kurd bo‘lgalariga havo hujumlari uyushtirish bilan javob qaytargandi.

Kurdlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi janubi-sharqiy mintaqalar uchun muxtoriyat talab qilib kelayotgan isyonchilar iyul oyi o‘rtalaridan buyon o‘nlab mamlakat xavfsizlik kuchlari va kamida 17 oddiy fuqaroni halok etdilar.

1984 yildan buyon davom etayotgan qonli mojaro 10 minglab insonlar hayotiga zomin bo‘ldi.

Hukumatga bosim

Dushanba kuni Iroq chegarasiga yaqin Hakkari viloyatining Chukura tumanida sodir etilgan hujumda to‘qqiz turk askari o‘ldirildi va yana 14 nafari yarador etildi.

Mazkur hujum uchun mas‘uliyatni Kurdiston Ishchilari Partiyasi (PKK) o‘z zimmasiga oldi.

So‘nggi hujumlar ham Chukura va Yuksekova tumanlarining bir necha nuqtalarida bir vaqtning o‘zida kuzatildi.

Muxbirlarga ko‘ra, bunday hujumlar PKKga qarshi kurashda samaraliroq strategiyani ishlab chiqish yuzasidan hukumatga bo‘lgan bosimlarni yanada kuchaytiradi.

Rasmiy Anqara bundan buyon isyonchilikka qarshi kurashda politsiyaga ko‘proq vakolat berishini aytgan.

Ammo tanqidchilarga ko‘ra, PKKga qarshi kurashda politsiya armiya singari yaxshi qurollanmagan.