Liviya rasmiylari Qaddofiy "o‘ldirilgan"ini aytishmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Muammar Qaddofiy qudratda payti

Liviya muvaqqat hukumati rasmiylarining aytishlaricha, mamlakat sobiq rahbari Polkovnik Muammar Qaddofiy Sirtdagi harbiy amaliyotlar chog‘i o‘ldirilgan.

Axborot vaziri Mahmud Shammamga ko‘ra, jangchilar Polkovnik Qaddofiyning jasadini ko‘rganlarini aytishgan.

Boshqa rasmiylar ham Muammar Qaddofiy o‘lganini ma‘lum qilishgan.

Mazkur da‘volarni mustaqil manbalardan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan.

Ayrim xabarlarda uning tirik qo‘lga olingani aytilgan.

Liviya 42 yillik boshqargan Polkovnik Muammar Qaddofiy o‘tgan avgust oyida qudratdan ketkazilgandi.

Xalqaro Janoyat Mahkamasi uni hibsga olish haqida buyruq bergandi.

Boshqa xabarlarga ko‘ra, Polkovnik Qaddofiy Sirtda qo‘lga olish jarayonida "jiddiy yaralangan", ammo tirik. Aytilishicha, u Misrataga olib ketilgan.

Qo‘l telefonida Qaddofiyning qo‘lga olish jarayoni tushirilgan suratlar ham tarqatilgan.

Unda Liviya rahbarining boshidan tinimsiz qon oqayotgani, butun yuzi va kiyimlari qonga belangani aks etadi. Suratda Qaddofiyning ko‘zlari ochiq, boshi tibbiyot xodiminikiga o‘xshab kiyingan odam tarafidan ehtiyotkorlik bilan tutib turilganini ko‘rish mumkin. Rasmning olingan vaqti 12:23 deb ko‘rsatilgan, ammo surat naqadar ishonchli ekani tasdiqlanmagan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Muammar Qaddofiyniki deya da‘vo qilingan surat

Ayni paytda BBCning Tripolidagi muxbiri mazkur yangilik tasdiqlanmagan esa-da, odamlar ko‘chalarda xursandchiliklarni boshlab yuborishganini aytadi.

Qaddofiyning qo‘lga olingani haqidagi xabar uning ona shahri Sirt nazorati to‘la Liviya muvaqqat hukumat qo‘shinlari qo‘liga o‘tgani da‘vo qilinishi ortidan xabar qilingan.

Ammo, mazkur yangilikni hozirgacha mustaqil manbalardan tasdiqlash imkoni bo‘lgani yo‘q.

Muammar Qaddofiy 1969 yildan beri Liviyani boshqarib kelgan. O‘tgan avgust oyida isyonkor kuchlar poytaxt Tripoliga kirib kelishlari ortidan qudratdan ketkazilgandi.

Uning tuzumiga qarshi norozilik chiqishlari o‘tgan fevral oyidan boshlangandi. Xalqaro Jinoyat Mahkamasi uni qo‘lga olish to‘g‘risida buyruq bergandi.

Agar Sirt to‘la nazorat ostiga olingani va Qaddfoiy qo‘lga olingani borasidagi xabarlar tasdiqlansa, bu albatta Liviya inqilobidagi burilish nuqtasi bo‘ladi. Va bundan buyog‘i janglar yakun topishi hamda siyosiy jarayonlar boshlanishiga umid qilinadi.

Oltin to‘pponcha

Bir necha oylardan beri Liviyada bomba hujumlarini amalga oshirib kelgan NATO payshanba kuni Sirt yaqinida qaddofiychilarga tegishli ikki mashinani havodan nishonga olganini aytgan.

Ammo, bu hujumlarning Polkovnik Qaddofiyning o‘limiga aloqasi bormi-yo‘qligi aniq emas.

O‘tish davri Milliy Kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalil bugun milliy televizion orqali chiqishi kutilmoqda.

Axborot vaziri Mahmud Shammam o‘shanda O‘tish davri Milliy Kengashi rahbari Polkovnik Qaddofiyning o‘limini rasman tasdiqlashi mumkinligini bildirgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Other
Image caption Al-Jazira telekanali Muammar Qaddofiyning jasadi tushirilgani da‘vo qilingan videotasvirni namoyish etgan

"U jangchilar hujumida o‘ldirilgan. Bunga oid tasvir bor", deb aytgan u.

Al-Jazira telekanali ham Muammar Qaddofiyning jasadi tushirilgani da‘vo qilingan videotasvirni namoyish etgan.

Yana bir muvaqqat hukumat rasmiysi Abdil Hafiz G‘oga axborot agentliklaridan biriga: "Biz dunyoga Qaddofiy inqilob qo‘li bilan o‘ldirilganini e‘lon qilamiz", deb aytgan.

"Bu tarixiy daqiqalar. Bu zulm va diktatorlikning nihoyasidir. Qaddofiy o‘z ajalini topdi", deb aytgan u.

O‘tish davri hukumati jangchisi BBCga Polkovnik Qaddofiy Sirtdagi o‘rada yashiringan bo‘lgani va sobiq rahbar unga: "Otma", deya yolvorgani haqida gapirgan.

Jangchi muxbirlarga oltin to‘pponchani ko‘rsatib, uni Polkovnik Qaddofiydan tortib olganini aytgan.