Hillari Klinton mintaqaga safar qilmoqda

Image caption Klinton xonim Toliblar bilan murosa qilish tarafdori

Amerika Davlat kotibining Afg‘oniston, keyinroq Markaziy Osiyoning bu mamlakatga qo‘shni ikki davlati Tojikiston va O‘zbekistonga safaridan asosiy maqsad Vashintonning Afg‘onistondan qo‘shinlarni chiqarishga doir bir savolga jam bo‘ladi.

Nima qilmoq kerak?

Pokistonning turfa jangari guruhu tashkilotlar bilan aloqalari va ittifoqchi qo‘shinlar uchun ta‘minot yo‘li deyarli izdan chiqqani Vashington uchun anchadan beri bosh og‘riq masalaga aylangan.

Afg‘onistonda Klinton xonim Toliblar va Pokistondan o‘pkalagan Prezident Karzayni Toliblar bilan murosa yo‘lini qidirishga da‘vat qilmoqda.

Kobulu Vashington qarshisida bundan boshqa yo‘l qolmagani ham tayin.

Yeru osmondan harbiy amaliyotlar deyarli ish bergani yo‘q.

Klinton xonim bundan o‘n yildan beri Vashington ma‘muriyati takrorlab kelayotgan va‘dani yana bir bor qaytarishi tayin.

Va‘daki, Amerika Afg‘onistonni tashlab qo‘ymaydi va uzoq muddatli aloqalarga loyiq qoladi. Ammo Amerika qo‘shinlarining bu mamlakatdagi kunlari sanoqli ekani tobora aniqlashib bormoqda.

"Sen bo‘lmasang boshqasi?.."

Image caption Andijon qirg‘inidan keyin Amerika harbiylari O‘zbekistondan quvilgan edi

Afg‘onistonda harbiy amaliyotlar, qayta qurish va nihoyat qo‘shinlarni chiqarish hamda Afg‘oniston bilan uzoq muddatli aloqalarni saqlab qolish uchun esa qo‘shni davlatlarning yordami bugun eng muhim masalalar qatoridadir.

Sobiq Sho‘ro davlatlari O‘zbekiston va Tojikiston jug‘rofiy jihatdan ahamiyati Pokistonnikidan kam emas.

Ikkala davlat ham Amerikaning terrorga qarshi urushi boshlangan yillari "yordamchi"lik qilib ko‘rishgan.

O‘zbekiston Andijon qirg‘inidan keyin Amerika harbiy bazasini haydab solgan bo‘lsa ham, siyosiy xotira manfaatlarga bog‘liq bo‘ladi emasmi, bugun Klinton xonim yuzlab inson huquqlari faollari va minglab oddiy odamlar ko‘rmayotgan "inson huquqlarida ijobiy o‘zgarishlarni" ko‘rganini aytmoqda.

O‘zbekiston bilan ham muzokaralarning asosida mamlakatdagi inson huquqlari toptalanayotgani va yo bolalarning qullarcha ishlatilayotgani emas, balki Afg‘onistondagi vaziyat bo‘ladi.

Qo‘shni Tojikiston bilan ham Amerikaning oldi-berdisi Afg‘oniston bilan bog‘liq bo‘lishiga shubha yo‘q.

Markaziy Osiyoda ishonch taqchilligi

Image caption Prezidentlar

O‘zbekiston tashqi siyosatini ayrim tahlilchilar bahor ob - havosiga qiyoslaydi.

Qachon yomg‘ir yog‘ib, qachon quyosh chiqishini aytib berish mushkul.

Vashingtondagilar O‘zbekiston hukumatining bu muntazam va ehtimol, ataydan "beqaror" siyosati haqida bilishmaydi deb o‘ylash to‘g‘ri emas.

Ana shu ogohlikni ayrim mutaxassislar Klinton xonimning Tojikistonga ham safar qilayotgani bilan bog‘lashmoqda.

Ikki qo‘shni ammo o‘zaro raqobat va ba‘zan dushmanona kayfiyatda bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlarining Amerikaga qiladigan arzlari ham, so‘raydigan yordamlari ham oz emas.

Tojikistonlik siyosiy sharhlovchilardan biri O‘zbekiston Vashingtonning harbiy yordamidan umidvor degan fikrda.

Uning aytishicha, Tojikiston ham yordamga ko‘z tikishi bilan birga Klinton xonimdan Rog‘un gidroelektr loyihasini dastaklashini so‘rashi mumkin.

Amerikaning Afg‘onistonga bog‘liq manfaatlari manzarasida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi bu kelishmovchiliklar Klinton xonimga muammo bo‘lmaydi.