Сўнгги янгиланиш 21 октябр 2011 - 13:47 GMT

Liviya o‘z sobiq rahbari Muammar Qaddofiyni yashirincha dafn etishni rejalamoqda

Liviyalik mas‘ullar kelasi bir necha soat ichida mamlakat sobiq rahbari Muammar Qaddofiyni yashirincha dafn etishga hozirlik ko‘rishmoqda.

Polkovnik Muammar Qaddofiy kecha o‘z ona shahri Sirtda hibsga olingan va oradan qisqa vaqt o‘tmay, o‘zaro otishma chog‘ida o‘ldirilgani aytilgandi.

Poytaxt Tripolida bo‘lgan muxbirimiz Kerolayn Houvleyning xabar berishicha, bugun ertalab ham mulozimlar uni qayerga va qanday qilib tuproqqa topshirish borasida bir qarorda bo‘lishmagan.

Kelasi bir necha soat ichida Nato ittifoqining Liviyadagi harbiy amaliyotlariga yakun yasashini e‘lon etishi kutilmoqda.

Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Alan Jupening aytishicha, polkovnik Muammar Qaddofiyning o‘limi bilan ittifoqning Liviyadagi amaliyotlari yakun topdi, desa bo‘ladi.

Unga ko‘ra, hozirda butun Liviya hududi Milliy O‘tish davri kengashi nazorati ostiga o‘tgan.

Liviya boshqaruvini topshirish bilan bog‘liq sanoqli chora-tadbirlarni amalga oshirish qolgan, xolos.

"Kelasi bir necha hafta ichida bu ish ham amalga oshsa, Natoning u yerda qiladigan ishi qolmaydi", deb aytgan Frantsiya Tashqi ishlar vaziri.

Liviyada esa, polkovnik Muammar Qaddofiyning o‘limi ortidan hanuz tantanalar ruhi hukmron.

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, bularning barchasi manzarasida janob Qaddofiy hayotining so‘nggi daqiqalarida nimalar yuz berganiga oid ko‘plab savollar o‘rtaga chiqmoqda.

Liviya sobiq rahbarining jasadi bugun, ya‘ni juma kuni ertalab ham Misrata shahrida ekani aytiladi.

Polkovnik Sirtda qo‘lga olinishi ortidan, Misrata shahriga olib ketilgandi.

Liviyalik mas‘ullar mamlakat sobiq rahbarining o‘ldirilganini rad etishmoqda.

O‘lim tafsilotlari oydinlashmoqda

Liviya Milliy O‘tish davri kengashi mulozimlariga ko‘ra, Muammar Qaddofiy o‘ziga moyil kuchlar va muvaqqat hukumat askarlari orasida kechgan otishmalar chog‘ida boshidan o‘q yegan.

Ayrim video lavhalardan uni ko‘chalarda sudrab yurishganini ham ko‘rish mumkin.

Muvaqqat hukumat askarlaridan birining BBCga aytishicha, Liviya sobiq rahbarini kanalizatsion quvurda yashirinib yotgan holda topgan.

Unga ko‘ra, polkovnik Muammar Qaddofiy o‘zini otmasligini so‘rab, iltijo qilgan.

Jangchi polkovnikdan olgan oltindan yasalgan to‘pponchani ham ko‘rsatgan.

Liviya Milliy O‘tish davri kengashi yuqori martabali mulozimi Muhammad Sayyohning aytishicha, Muammar Qaddofiy ataydan o‘ldirilmagan.

"Hatto, qasddan o‘ldirishgan taqdirda ham, u bunga arzirdi", deb aytgan janob Sayyoh.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Muammar Qaddofiyning o‘limi yuzasidan to‘liq tergov olib borishga undagan.

Komissarlikka ko‘ra, qo‘lga olingan paytda Liviya sobiq rahbarining tirik bo‘lgani uyali telefonlarga olingan tasvirlardan ayon bo‘lgan.

"Amnesti Interneyshnl" xalqaro inson huquqlarini himoya etish tashkiloti ham xuddi shunday da‘vat bilan chiqqan.

Polkovnik Muammar Qaddofiyning o‘g‘li Sayf ul-Islomning qayerdaligi borasida ham bir-biriga qarama-qarshi xabarlar mavjud.

Aks-sado

Polkovnik Muammar Qaddofiyning o‘limiga munosabat bildirarkan, Venesuela Prezidenti Ugo Chaves buning "afsuslanarli" ekanini aytgan.

"Ular Qaddofiyni o‘ldirishdi", degan Venesuela prezidenti.

Pokiston poytaxti Islomoboddan so‘zlarkan, AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton uning o‘limi Liviya xalqi uchun yangi davrning boshlanishini anglatishini bildirgan.

Polkovnik Muammar Qaddofiyning hibsga olinib, hayotdan ko‘z yumishi uning Liviyadagi 42 yillik boshqaruviga yakun yasagandi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.