Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev yiliga qancha pul ishlaydi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи RIA Novosti

Rossiya Markaziy Saylov qo‘mitasi boshqaruvdagi "Yagona Rossiya" partiyasidan prezident Dmitriy Medvedev doxil Davlat dumasiga deputatlikka nomzodlarning yillik daromadlariga oid ma‘lumotlarni oshkor qilgan.

Agar qo‘mita ma‘lumotlariga qaralsa, prezident Medvedev o‘tgan bir yil ichida 3.37 million rubl(109 ming dollar) ishlabdi.

Rossiyaning to‘rtta bankidagi shaxsiy hisoblarida saqlayotgan jamg‘armasi esa, to‘rt million rubldan sal ortiqroq ekan.

Ayon bo‘lishicha, Rossiya prezidenti ko‘proq davlat banklariga ishonarkan: ya‘ni, janob Medvedev o‘z hisoblariga ega bo‘lgan banklar Rossiya Savdo-tijorat banki, Jamg‘arma banki va "Alfa-bank"lar bo‘lib chiqibdi.

Bundan tashqari, prezident Medvedev rafiqasi bilan birga Moskvada umumiy maydoni 367.8 kvadrat metrga teng kvartira, ikkita garajga ham egalik qilisharkan.

Ikkita garajida Rossiya rahbari qanday mashinalarini saqlarkan desangiz – 1962 yilda ishlangan GAZ-21 va 1948 yilda zavoddan chiqqan GAZ-20 rusumidagi avtomobillarini...

O‘tgan yarim yil ichida janob Medvedev hisobidagi pullar 700 ming rublga kamaygan. Ammo bu mablag‘ning nimaga sarflangani aytilmaydi.

Ma‘lum bo‘lishicha, shu yil bahorida Rossiya rahbari umumiy maydoni 4.700 kvadrat metrni tashkil etadigan yer uchastkasini ham ijaraga olgan.

O‘z o‘rnida, qo‘mita keltirgan ma‘lumotlardan prezident Medvedevning qandaydir hissalar yoki qimmatbaho qog‘ozlari yo‘qligi ham ayon bo‘lgan.

Bundan tashqari, biror bir xorijiy davlatda unga tegishli ko‘chmas mulkning yo‘q ekani ham aytiladi.

Prezidentdan ko‘p pul ishlaydiganlar bor

Agarda ro‘yxatdagi qolgan nomzodlarning yillik daromadlariga qaralsa, prezident Medvedev anchayin kamsuqum ko‘rinadi.

Deylik, Rossiya Bosh vaziri birinchi muovini Igor Shuvalov o‘tgan yil prezidentdan ko‘ra qariyb besh barobar (14.652 million rubl) ko‘proq daromad qilibdi.

Mamlakat Tabiiy zaxiralar va ekologiya vaziri Yuriy Trutnevni-ku, endi qo‘yavering, bir yilda topgan puli 100 million rublda ham ortib ketibdi.

Hatto, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham prezident Medvedevdan ozgina ko‘proq, ya‘ni to‘rt million rubldan sal ortiqroq pul ishlabdi.

Bundan tashqari, janob Qodirovning Chechenistonda umumiy maydoni 36 kvadrat mertga teng kvartirasi ham bor ekan.

Rossiya Markaziy saylov qo‘mitasiga ko‘ra, chechen rahbarining ham boshqa ko‘chmas mulki, hissalari yoki qimmatbaho qog‘ozlari yo‘q emish.

Prezident Medvedevning partiyadoshi, Rossiya parlamentining Mehnat va ijtimoiy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi a‘zosi Grigoriy Anikeyev esa, ro‘yxatdagi qolgan olti yuzga yaqin nomzodni ortda qoldirib ketgan.

O‘ziga tegishli ko‘chmas mulk oldi-sotdisi, ijarasi, hissalari va qimmatbaho qog‘ozlaridan olgan foydasi bir yilda qariyb 900 million rublga yetibdi.

Ro‘yxatdagi o‘nlab deputatlikka nomzodlarning daromadlari ham o‘n, yuz millionlab rublni tashkil etgan.

Ammo ko‘pchilikning oshkor qilgan tushumlario‘rtacha ikki million rubl atrofida aylangan.

Ammo, shunda ham, bu – Rossiyada aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromaddan deyarli o‘n barobar ko‘p ekani aytiladi.