Tunisda "arab bahori"ning ilk saylovi natijalari sanalmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Yakshanba kuni ovoz berish uchastklari o‘ngidan uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘ldi.

Tunisda 23 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalari sanalmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazilgan saylovchilarning 90 foizdan ko‘prog‘i ovoz bergani kelgan.

Yakshanba kuni ovoz berish uchastklari o‘ngidan uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘ldi.

Saylov uchastklarining kech soat 19.00da yopilish vaqtida ham navbat kutib turganlar ko‘p edi va ularga ovoz berishga ruxsat berildi.

Ko‘plab saylovchilar ovoz berganlarining dalili sifatida o‘chmas siyohga botirilgan barmoqlarini ko‘z-ko‘z qildilar.

Tunisliklar yangi Konstitutsiyani ishlab chiquvchi va muvaqqat hukumatni belgilovchi 217 o‘rindan iborat parlament uchun ovoz berdilar.

AQSh va Ovro‘po Ittifoqi Tunisning tinch saylov jarayonini olqishladilar.

Amerika Prezidenti Barak Obama Tunisdagi saylovlarni "ilgari qo‘yilgan muhim qadam", deya ta‘rifladi.

Asosiy partiyalar

Islomiy Uyg‘onish partiyasi, "Ennadha" eng yaxshi tashkillashtirilgan va keng qo‘llovga ega partiyadir. Hozirda bu partiyaning Parlamentda eng ko‘p o‘rinlarni qo‘lga kiritishi bashorat qilinmoqda.

Sobiq Prezident Ben Ali davrida bu partiya faoliyati taqiqlangandi. Partiya rahbari Rashid G‘anushi yaqinda 20 yillik muxojiratdan so‘ng Tunisga qaytib keldi.

Janob G‘anushi uning partiyasi zamonaviylik va Islom o‘rtasida muvozanatni topishga harakat qilib, "demokratiya va zamonaviylikni hurmat qilishi"ni bildirgan.

"Demokratik Taraqqiyot partiyasi" Tunisda dong taratgan dunyoviy partiyalardan biri. Sobiq Prezident davrida bu partiya faoliyat olib borishga ruxsat berilgan sanoqli harakatlardan biri edi.

Partiya rahbari Naqib Shebbi inqilobdan beri mamlakatning mintaqaviy rivojlanish vaziri vazifasini o‘tab kelmoqda. Janob Shebbiga 2009 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga imkon berilmagandi.

O‘zining g‘oyalarini sotsial-demokratik, deya aytib keluvchi partiya "Ennadha" bilan qudrat bo‘lishish ehtimolidan xursand emas, ammo mutlaqo rad ham etmagan.

"Mehnat va erkinliklar uchun demokratik forum" yoki "Ettakatol" nomi bilan tanilgan sotsial demokratik partiya oxirgi haftalardagina nom qozona boshladi. Omma fikrini o‘rganish so‘rovlari natijalariga ko‘ra, saylovlardan oldin bu partiyaning obro‘si xalq orasida "Demokratik Taraqqiyot partiyasi"nikiga tenglashgandi.

"Ettakatol"ga 1994 yili asos solingan, ammo rasman faqatgina 2002 yilga kelib ro‘xatdan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Partiya rahbari Mustafo Ben Jafar shu yil mobaynida qisqa muddat Sog‘liqni Saqlash vazifasini o‘tadi.