Tunisda "Arab inqilobi"dan keyingi ilk erkin saylovlarda mo‘‘tadil islomchilar g‘olib chiqishdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Tunisda "Arab inqilobi" ortidan bo‘lib o‘tgan ilk erkin va demokratik saylovlarda "Ennahda" mo‘‘tadil islomiy partiyasi g‘alaba qozongan.

Yakuniy saylov natijalarining rasman bugun e‘lon etilishi kutilmoqda.

Ammo dastlabki natijalar "Ennahda" partiyasi ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritolmagan esa-da, baribir oldinda ekanini ko‘rsatgan.

Ularning saylovlardagi eng ashaddiy raqibi - Demokratik Taraqqiyot Partiyasi allaqachon o‘zining mag‘lubiyatini tan olgan.

O‘tgan yakshanba kungi saylovlar xalqaro kuzatuvchilarning ham olqishlariga sazovor bo‘lgan.

Ular saylovlarga erkin va adolatli, deya baho berishgan.

Tunis prezidenti Bin Ali ommaviy namoyishlar ortidan, bundan 9 oy burun qudratdan ag‘darilgandi.

U mamlakatning 23 yildan buyon boshqarib kelayotgandi.

Ammo qo‘shnisi Liviyadan farqli ravishda, Tunisda qudrat almashinuvi anchayin osoyishta kechdi.

"Ennahda"ning rejalari

Mo‘‘tadil islomiy partiya liderlari Shariatga asoslangan emas, ko‘ppartiyaviy, dunyoviy va demokratik davlat qurish istagida ekanliklarini aytishmoqda.

Partiya voiziga ko‘ra, "Tunisliklar amalda mamlakatda izchil ravishda demokratiya uchun kurashib, Bin Ali diktaturasiga qarshilik qilib kelgan partiyalarga ovoz berganliklari"ni bayon qilgan.

"Ushbu partiyalarning orasida "Ennahda" peshqadami edi va o‘zimiz ham ishonganimizdek, saylovlarda katta sondagi ovozlarni qo‘lga kiritdi", deydi Yusra G‘annuchiy.

Tunisliklar ovoz bergan 217 o‘rinlik parlament mamlakatning yangi konstitutsiyasini ishlab chiqadi va yangi hukumatni tanlovchi muvaqqat ma‘muriyatni tashkil etadi.

Tunis Markaziy saylov hay‘ati rasmiylariga ko‘ra, yakshanba kungi saylovlarda to‘rt milliondan ortiq saylovchining 90 foizi ishtirok etgan.

Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan qolgan uch milliondan ziyod kishidan qanchasining saylovlarda qatnashganligi ma‘lum emas.

Saylovlarda ishtirok etish uchun yuzdan ortiq partiya qayddan o‘tgan, bundan tashqari, ularning orasida bir qancha mustaqil nomzodlar ham bor edi.

Saylovlar va ovoz berish jarayonini kuzatish uchun yuzlab xorijiy va minglab mahalliy kuzatuvchilar jalb etilishgandi.

AQSh va Ovro‘po Ittifoqi Tunisdagi tinch o‘tgan parlament saylovlarini maqtab chiqishgan.

Jumladan, Amerika Prezidenti Barak Obama, "Bu - oldinga qo‘yilgan muhim qadam" ekanini aytgan.

Tunisdagi saylovoldi jarayonlari esa, islomchilar va dunyoviylar saflaridagi bo‘linish, partiyalarning moliyaviy manbalari va saylovchilarning loqaydliklariga oid xavotirlar manzarasida kechgandi.