Yamanda O‘zbekistonlik shifokor o‘g‘irlab ketildi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи bbc

Sanodagi Rossiya elchixonasining ma‘lum qilishicha, Shabva viloyatidagi shifoxonalardan birida ishlagan O‘zbekistonlik shifokor o‘g‘irlab ketildi.

Elchixona matbuot kotibi Aydar Tuygunovning BBCga aytishicha, hodisa 24 oktyabr kuni Marib viloyatida yuz bergan.

Janob Tuygunovga ko‘ra, shifokor o‘z rafiqasi bilan Shabvadan poytaxt Sanaga taksida yo‘l olgan vaqti olib qochilgan.

Shifokorning Saudiya Arabistoniga haj ziyoratiga otlangani aytilgan. Rafiqasi qo‘yib yuborilgan.

Matbuot kotibiga ko‘ra, shifokorni olib qochish ortida Maribdagi mahalliy qabila vakillari turibdilar.

Ushbu qabila vakillari allaqachon rasmiylar bilan bog‘lanib, qamoqxonlardan birida saqlanayotgan o‘z qabiladoshlarini ozod etishni talab qilganlar.

Shifokorning yoshi nechada va necha yildan beri Yamanda ishlayotgani hozircha noma‘lum.

Shu yil mart oyida Yamanda yana bir Tojikistonlik shifokr ham olib qochilgandi.

Rossiya elchixonasi vakiliga ko‘ra, o‘shanda muzokaralar olib borilib, taxminan ikki haftalardan so‘ng Tojikistonlik shifokor qo‘yib yuborilgandi. Qabila vakillarining talablari qondirilganmi yo‘qmi noma‘lum.

Yamanda Rossiyadan boshqa sobiq Ittifoq davlatlarining elchixonalari mavjud emas, shuning uchun favqulloda holatlarda bu davlatlar fuqarolari ishlari bilan Rossiya elchixonasi o‘zaro kelishuv asosida shug‘ullanadi.

Lekin sobiq Ittifoq davlatlari fuqarolari Yamanga kelgan vaqtlari Rossiya elchixonasi qayddan o‘tmaydilar va shuning uchun ularning soni, shuningdek, qayerlarda ishlashlari haqida aniq ma‘lumot mavjud emas.

Yamandagi xususiy shifoxonalardan birida ishlayotgan o‘zbekistonlik shifokorning BBC bilan suhbatda aytishicha, mamlakatda mingga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassis ishlaydi.

Ular Yamanga asosan Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi va Rossiyadagi xususiy shirkatlar orqali tuzilgan kontraktlar asosida kelishadi.

Ular ham davlat qaramog‘i ostidagi va ham xususiy shifoxonalarda ishlashadi.

O‘rtadagi vositachi ishga yollovchi shirkatlar bilan esa ko‘pda Internet orqali bog‘laniladi.