Rossiyada chilim chekishni taqiqlashga oid da‘vatlar yangramoqda

Image caption 2015 yildan boshlab Rossiyada qahvaxona va tarabxonalarda chilim chekish ta‘qiqlanadi

Rossiya Bosh sanitar vrachi Gennadiy Onishenkoga ko‘ra, jamoat joylarida chilim chekish man etilmog‘i lozim.

Sankt-Petergburglik deputatlar ham janob Onishenkoning taklifiga to‘liq qo‘shilishlarini bayon qilishgan.

"Bu - har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va hurmat qilishga loyiq mutlaq haq qaror", deb aytgan janob Onishenko Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligiga bergan suhbatida.

Rossiya Bosh sanitar vrachiga ko‘ra, "Chilim – mohiyatan giyohvand moddalarni beto‘xtov chekishni anglatadi. Chilimga solinayotgan moddalar tarkibida yaqqol narkotiklari ham bo‘ladi".

Sankt-Peterburg Qonunchilik kengashi vakillari kecha chorshanba kuni bu xususda Rossiya dumasiga murojaat qilishga ham kelishib olishgan.

Ular dumadan jamoat joylarida chilim chekishni taqiqlashini so‘rashmoqchi.

Vakillarga ko‘ra, chilimning tutuni insonning sog‘lig‘iga behad ziyon yetkazadi.

O‘z o‘rnida, Rossiya Davlat dumasi deputati, Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi a‘zosi Tatyana Yakovleva ham ularning fikrlariga qo‘shilishini bildirgan.

"Men jamoat joylarida chilim chekishning taqiqlanishini qo‘shqo‘llab yoqlayman. Hozir bu kabi mashg‘ulot urfga kirgan. Nimagadir odamlar chilim tortish tamaki chekishdan ko‘ra beziyon deb o‘ylashadi. Ammo chilim sog‘liqqa nihoyatda zararlidir. Bu quruq gap emas, ilmiy asosda isbotlangan fakt", - deb aytgan Yakovleva xonim.

Tamaki yoki chilim

Rossiya Davlat dumasi vakiliga ko‘ra, "Na-da suvli filtri va na-da qo‘shimcha himoya vositalari chilimni xavfsizroq qilolmaydi. Chunki bir soatning ichida chilim tortgan odam tamaki chekkandan ko‘ra 100-200 baravar ko‘proq tutun yutadi".

Ammo rossiyalik yuqori martabali narkolog Igor Kuzichevning aytishicha, ulardan qay birining zararliroq ekani halicha to‘liq o‘z isbotini topmagan.

"Tamaki yoki chilimga ro‘ju qo‘yishning sabablarini aniqlashdan ko‘ra, uni ommaviy man qilish osonroq-da", deydi narkolog.

Ekspertning ta‘kidlashicha, muammolarni izchil ravishda yechib borish lozim va birgina taqiqlar yo‘li bilan Rossiya aholisini sog‘lomlashtirish mumkin, degan qarash mantiqsizlikdir.

"Hali aroqni taqiqlaymiz. Bir qarasangiz, tamakining narxini ko‘taramiz. Men maqsad bilan uni amalga oshiruvchi vosita orasida bog‘liqlik bo‘lishini istardim. Bizda esa, hammasi telba-teskari: maqsadimizni aytamiz, vosita yo‘q yoki buning aksi",.. deb ytgan Igor Kuzichev.

Bundan avvalroq Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoat joylarida tamaki chekish va sotishga keskin cheklovlar kiritishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqqandi.

Qonun loyihasiga muvofiq, 2015 yildan boshlab mehmonxona, qahvaxona, tungi klublar va chilimxonalarda chekish taqiqlanadi.

--------------------------------------------------------------------------------

Azizlar,

BBC O'zbek xizmatining Facebookdagi rasmiy sahifasi bilan tanishing.

https://www.facebook.com/#!/pages/BBC-Ozbek-BBC-Uzbek/294548310573810?sk=wall

BBCning yangiliklari, tahlilu sharhlari, eng sara audio va video lavhalari hamda suratlari bilan har kuni tanishish uchun Facebookdagi "LIKE" tugmachasini bossangiz kifoya.