Yaman: Ayollar hukumatning amallariga qarshi o‘z burqalarini yoqishdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption "Biz mustabid Solih olib borgan qonli qirg‘inga guvoh bo‘lsin deb, jahonning ko‘z o‘ngida o‘z niqoblarimizni yoqdik"

Yaman poytaxti Sanodan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, yuzlab ayollar aksilhukumat namoyishlarining kuch bilan bostirilishiga javoban o‘zlarining burqalariga o‘t qo‘yishgan.

Yaman Prezidenti Ali Abdulloh Solihga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarida xotin-qizlar muhim o‘rin tutib kelishmoqda.

Yaqindagina yamanlik faol ayol Tavakkul Karman 2010 yilgi Nobel Tinchlik mukofotining hamsohibi bo‘lgandi.

Tavakkul xonim Yamanda xotin-qizlarning huquqlari va demokratiya uchun kurashdagi xizmatlari uchun ushbu sharafga loyiq deb topilgandi.

Xabarlarda aytilishicha, ayollar avvaliga markaziy ko‘chaga qora mato yoyishgan.

Keyin matoning ustiga Yamanda "makrama", deb yuritiluvchi niqoblarini irg‘itishgan.

Benzin sepilib, so‘ngra o‘t qo‘yilgan burqalar yona boshlagach, ular "yamanlik xotin-qizlarni bezorilarning jinoyatlaridan kim himoya etadi?" deb hayqirishgan.

Ayrim xalqaro axborot agentliklariga ko‘ra, norozi ayollar yordam so‘rab, murojaat etilgan varaqalar ham tarqatishgan.

"Biz mustabid Solih olib borgan qonli qirg‘inga guvoh bo‘lsin deb, jahonning ko‘z o‘ngida o‘z niqoblarimizni yoqdik", deyiladi varaqada.

Qonli to‘qnashuvlar

Ayollarning bu tariqa noroziliklari prezident Solihga moyil kuchlar va uning muxoliflari orasida kechgan navbatdagi to‘qnashuvlar ortidan kuzatilgan.

Poytaxt Sano va Yamanning ikkinchi yirik shahri Taizdagi so‘nggi zo‘ravonliklarda yana 20 dan ortiq kishi qurbon bo‘lgandi.

Yaman hukumati seshanba kuni raqib kuchlar bilan murosaga erishilganini e‘lon qilgan bo‘lsa ham, to‘qnashuvlarning keti ko‘rinmaydi.

33 yillik boshqaruviga qarshi sakkiz oydan buyon davom etayotgan namoyishlarga qaramay, janob Solih qudratni topshiradigan ko‘rinmaydi.

Namoyishlar avvaliga nisbatan tinch boshlangan, ammo keyinchalik prezident Solihning tarafdorlari va namoyishchilarning saflariga qo‘shilgan turli qavmlaru jangchilarning orasidagi janglarga aylanib ketgandi.

Yaman hukumatining ommaviy namoyishlarni kuch bilan bostirishga bo‘lgan harakatlari kuchli xalqaro tanqidlarga ham sabab bo‘lgandi.

Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashi janob Solihni iste‘fo berishga ham undagandi.

Yaman prezidenti daxlsizligi ta‘minlanishi evaziga hukumatni topshirishga oid Fors Ko‘rfazi davlatlari vositachiligida erishilgan bitimni imzolashini ham bildirgandi.

Prezident Solih qudratdan ketishi muqarrar ekaniga qayta-qayta ishora qiladi, ammo aniq sanasini aytmay keladi.

--------------------------------------------------------------------------------

Azizlar,

BBC O'zbek xizmatining Facebookdagi rasmiy sahifasi bilan tanishing.

https://www.facebook.com/#!/pages/BBC-Ozbek-BBC-Uzbek/294548310573810?sk=wall

BBCning yangiliklari, tahlilu sharhlari, eng sara audio va video lavhalari hamda suratlari bilan har kuni tanishish uchun Facebookdagi "LIKE" tugmachasini bossangiz kifoya.