Yer sayyorasining yettinchi milliard insoni "Hindistonda tug‘ildi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Yosh bolalar muammolari bilan shug‘ullanadigan Plan International xalqaro shirkati yer yuzi aholisining yetti milliradinchi shaxsi sifatida ramziy ma‘noda Hindistonda tug‘ilgan qizchaini tanladi.

Nargiz ismli qiz Hindistonning Uttar Pradesh viloyatida dunyoga keldi.

1999 yil BMT bugungi Bosniya-Hertsegovina poytaxti Sarayevo shahrida tug‘ilgan chaqaloqni dunyoning 6-milliard kishisi sifatida e‘lon qilgan va BMT bosh kotibi nomidan Bosniya-Hertsegovinaga tashrif buyurib, chaqaloq ota-onasini tabriklagan edi.

BMTning 31 oktyabr kungi hisobotiga ko‘ra, Yer yuzidagi aholi soni 7 milliardga yetgan.

Biroq ma‘lumotlarga qarab, qayerda, qaysi mamlakatda va ayni qay paytda dunyoning yettinchi milliard odami tug‘ilganini aniqlash mushkul.

Shu sababli BMT har bir mamlakatga ramziy milliardinchi chaqaloqni ro‘yxatga olishni taklif etgan.

1999 yil dunyoning 6-milliard odami tug‘ilganidan farqli o‘laroq, BMT bu safar yubiley chaqaloq va uning tug‘ilgan mamlakatini rasman e‘lon qilmaydi.

BMT hisobotiga ko‘ra, dunyoda har daqiqada ikki chaqaloq tug‘iladi.

Yerning ramziy 7-milliardinchi kishisi tug‘ilganini Rossiyaning Uzoq Sharqidagi rasmiylar ham bildirishdi.

31 oktyabr kechasi Petropavlovsk-Kamchatkada Aleksandr ismli bola dunyoga kelgan bo‘lsa, dushanba kuni ertalab Kaliningradda tug‘ilgan yana bir chaqaloqning onasiga 7-milliardinchi insonning guvohnomasi topshirildi.

Keng miqyosdagi biror - bir tadbir uyushtiriladimi degan savolga "qachon Uzoq Sharqning 7-milliard, boringki, 7-million odami tug‘ilganda" deb javob berildi.

BMT rahbarlariga ko‘ra sayyoraning yangi tug‘ilgan odami bayram, tantananing sababchisi emas, balki Yerning keyingi taqdirini o‘ylab ko‘rishga jiddiy turtki bo‘lishi kerak.

Keyingi 50 yilda dunyo aholisining ikki baravarga oshishi yer yuzida tengsizlikni kuchaytirgan.

Ikkinchi Jahon urushidan keyin g‘arb mamlakatlarida demografik portlash boshlangan bo‘lsa, bu hozir rivojlanayotgan mamlakatlarning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu sababli, BMT rivojlanayotgan mamlakatlardagi ayollarning turmush sharoitini yaxshilash aholi soninning oshishini bir maromga keltiradi deb ta‘kidlaydi.