Afg‘oniston bo‘yicha anjumanda Homid Karzay "terrorchi guruhlar"ga qarshi hamkorlikda kurash muhimligini ta‘kidladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Istanbuldagi nutqida Afg‘oniston prezidenti "terrorchi guruhlar"ga qarshi kurashda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga da‘vat qildi.

Yigirmadan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etayotgan Afg‘oniston bo‘yicha Istanbul konferentsiyasida nutq so‘zlagan prezident Homid Karzay "terrorchi guruhlar"ga qarshi kurashda jiddiy mintaqaviy hamkorlik kerak ekanligini aytdi.

Janob karzayga ko‘ra, tinchlik keltirish harakatlarida Toliblar jangarilari ham qatnashishlari kerak.

Uning aytishicha, so‘nggi voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, Pokistondagi Toliblar jangarilarining yuqori rahbarlari tinchlik jarayoniga bosh qo‘shishmas ekan, tinchlik bo‘lmaydi.

Karzay janoblari, yana bir bor anchayin ochiq shaklda Pokistonning Afg‘onistondagi o‘rni haqida gapirar ekan, "Pokistondagi birodarlarimiz qo‘llovi bilan Toliblarning rahbarlariga berilayotgan yordam tarmog‘i uzib qo‘yilsa va ularni tinchlik jarayoniga qo‘shilishiga yordam berilsa ayni muddao bo‘lar edi", dedi.

Pokiston tarafidan anjumanda hozircha bunga biron bir rasmiy munosabat bildirilgani yo‘q, ammo shu vaqtgacha Pokiston toliblarni qo‘llashini qat‘iyan rad etib keladi.

Istanbuldagi xalqaro anjumanda Afg‘onistonda tinchlikni tiklash, mamlakat istiqboli va farovonligi uchun mintaqaviy hamkorlikni rag‘batlantirish yo‘llarini ko‘rib chiqish maqsad qilib olingan.

Ayrimlarga ko‘ra, bu bir tomondan Amerikaliklar Afg‘oniston mojarosiga birtomonlama yechim yo‘qligi va mintaqa davlatlari yordamida muammoni hal etish lozimligini anglab yetayotganini ham ko‘rsatadi.

So‘zsiz, Pokiston bunda muhim rol o‘ynashi tayin ekani ta‘kidlanadi.

Image caption Istanbuldagi xalqaro anjumanda 20dan ortiq mamlakat vakillari qatnashmoqdalar.

Qo‘shma Shtatlar Pokistonni Afg‘onistondagi muxolif kuchlar bilan muzokaralarga ko‘mak berishini istaydi. Ammo,boshqa tomondan o‘yinchilarning manfaatlari bir xil deb bo‘lmaydi.

Sharhlovchilar, masalan, Pokiston Afg‘onistonda Hindistonning ta‘siri oshib borayotganidanu qadar xursad emasligini aytishadi.

Eron Afg‘onistondagi barqarorlik o‘rnatilishidan ham oldin AQSh yetakchiligidagi qo‘shinlarning uzoq muddat mintaqada qolishlaridan xavotirda ekani aytiladi.

Rossiya ham bir tomondan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistonda uzoq qolib ketishiga qarshi.

Amerika Afg‘onistondan chiqib ketishga hozir va bu jarayon tinch amalga oshishini istaydi.

O‘zbekiston ishtiroki

Anjumanda O‘zbekiston tarafidan faqat Turkiyadagi muxtor elchisi ishtirok etmoqda.

O‘zbekistonning Afg‘oniston masalasidagi o‘rniga keladigan bo‘lsak, Amerika o‘z kuchlari va xalqaro ittifoq qo‘shinlariga ta‘minot yetkazishda O‘zbekiston yanada ko‘proq o‘rin tutishini istamoqda.

So‘nggi paytlar Islomobod bilan munosabatlarning sovuqlashishi va Pokistondan o‘tadigan ta‘minot yo‘li xavfsizligi yomonlashgani O‘zbekistonning ayni masaladagi ahamiyatini oshirgan.

Boshqa tomonda Afg‘oniston shimolida katta sonli etnik o‘zbeklar istiqomat qilishadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston - Afg‘onistonning muhim savdo hamkorlaridan biri.

Mazkur omillar nazarda tutilib, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda O‘zbekiston ijobiy rol o‘ynashi mumkin, deb ko‘riladi.