Qaddofiy o‘g‘liga ma‘shuqa bo‘lgan supermodel ishidan ayrildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Muttasim Qaddofiy 20 oktyabrda Sirta shahrida liviyalik isyonchilar tomonidan halok etilgan edi.

Ispaniya telekommunikatsiya shirkati 23 yoshli italiyalik supermodel Vanessa Hessler bilan imzolagan mehnat shartnomasini bekor qildi.

Hodisa supermodel to‘rt yil davomida Muammar Qaddofiyning beshinchi o‘g‘li Muttasimning ma‘shuqasi bo‘lganini oshkor etishi ortidan yuz berdi.

Vanessa Hesslerning go‘zal yuzi hamda kelishgan qaddi va qomati o‘z mahsulotini Ovro‘po bo‘ylab keng targ‘ib qilgan Ispaniyaning Songlomerate telefonica shirkati veb sahifalari va reklamalarini bezab turardi.

Ammo supermodel Italiyadagi taniqli yulduzlar hayoti haqida hikoya qiluvchi Diva e donna (Yulduz Ayollar) jurnaliga bergan intervyusi uchun ishini yo‘qotdi.

Uning suratlari telekommunikatsiya shirkatining veb sahifalaridan allaqachon olib tashlangan.

Italiya jurnaliga bergan intervyusida Venessa Hessler to‘rt yil davomida Muttasim Qaddofiyning ma‘shuqasi bo‘lganini aytgan

Muttasim Qaddofiy 20 oktyabrda o‘ldirilgan Liviya rahbari Muammar Qaddofiyning beshinchi o‘g‘lidir.

U ham otasi bilan birga liviyalik isyonchilar tomonidan halok etilgan edi.

23 yoshli aktrisa va supermodel Italiyada ko‘pchilikka yaxshi tanish.

U yaqinda zamonaviy "Zolushka" haqidagi televizion badiy filmda bosh rolni ijro etgan va mazkur film Italiyaning bosh televizion kanali Rai TV da ikki bor namoyish etilgan edi.

Vanessa Mutassim bilan Liviyada fuqarolar urushi boshlanganidan buyon aloqada bo‘lmagan esa-da, uning o‘ldirilganini eshitib, chuqur qayg‘uga botganini aytgan.

Supermodel shuningdek Mutassim bilan juda yaqin bo‘lgani va Qaddofiy oilasining boshqa a‘zolari bilan ham uchrashganini aytgan.

Vanessa Rimda istiqomat qiladi. Uning otasi amerikalik, onasi esa italiyalikdir. Aktrisaning buvisi esa Oq Uyning rasmiy suratkashi bo‘lgan.