Turkiya Kobul va Islomobod o‘rtasidagi ishonchsizlikni aritishga urinmoqda

Image caption Turkiya Pokiston va Afg‘oniston rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarga oltinchi bor mezbonlik qilmoqda

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi ishonchsizlikni aritishga bel bog‘lagan Turkiya hukumati Istanbulda ikki mamlakat prezidentlari va harbiy rahbarlari ishtirokidagi yopiq muzokaraga mezbonlik qilmoqda.

Turkiya Islomobod va Kobul rasmiylari uchun oltinchi bor uchrashuv tashkillashtirmoqda.

Ushbu muzokara bir kun davom etadi va ortidan Afg‘oniston xavfsizligiga oid dunyoning 27 mamlakati ishtirokida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Istanbulda bo‘lgan BBC muxbiri Jonatan Hedga ko‘ra, agar xalqaro anjumanlar xavfsizlikka kafil bo‘la olganlarida edi Afg‘oniston allaqachon tinch va barqaror mamlakatga aylangan bo‘lardi.

2001 yil oktyabrida Tolibon harakati Kobuldan chekilganidan buyon o‘nlab anjumanlar bo‘lib o‘tdi.

Ammo Afg‘onistonda xavfsizlik shunchalar zaifki, 2014 yilda NATO boshchiligidagi xalqaro kuchlar Afg‘onistonni tark etsa, mahalliy politsiya va armiya nazoratni ushlab turisha olishiga sanoqli mamlakatlargina ishonishadi.

Turkiya Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatishga qaratilgan diplomatik say-harakatlarga yetakchilik qilmoqda.

Anqara ham Afg‘oniston va ham Pokiston bilan bo‘lgan yaqin aloqalaridan foydalanib, ikki mamlakat o‘rtasida tobora kuchayib borayotgan ishonchsizlikni aritishga umid qilmoqda.

Prezidentlar Homid Karzay va Osif Ali Zardoriy Istanbulda yopiq eshiklar ortida bir kun davomida muzokaralar o‘tkazib, o‘zaro kelishmovchiliklarni bartaraf etishga harakat qilishadi.

Afg‘oniston Pokistonni Tolibon harakatiga aloqador jangarilarga o‘z hududida boshpana berishda anchadan buyon ayblab keladi.

Pokiston esa yaqinda Afg‘oniston va Hindiston o‘rtasida imzolangan strategik sheriklik shatnomasidan norozi.

Avval o‘tkazilgan besh muzokaraga nazar tashlansa, bu galgi uchrashuvning ham ijobiy natija berishiga ishonch yo‘q hisobi.