Rossiya Amerika mahkamasi aybdor topgan "O‘lim savdogari"ni vataniga qaytarmoqchi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSh hukumatini qurol savdosi bilan qo‘lga olingan rossiyalik Viktor Butning mahkama ishiga siyosiy bosim o‘tkazishda aybladi.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, "Viktor But ishi"ga Amerika hukumati to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashgan va hukmning adolatliligiga shubha tug‘ilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarosini vataniga qaytarilishiga erishishni davom ettirishini aytgan.

G‘arbda, xususan Amerika matbuotida "O‘lim savdogari" deb tanilgan Viktor But 2008 yilda Tailandda qo‘lga olinib, Amerikaga ekstraditsiya qilingan.

AQSh hukumatiga ko‘ra, Viktor But qator Afrika va Janubiy Amerika hamda Yaqin Sharq mamlakatlariga qurol yetkazib bergan.

Viktor But o‘zining biznesi mutlaqo ochiq bo‘lganini ta‘kidlab keladi.

1990 yillarda u asosan Rossiyaning AN trasport samolyotlaridan tashkil topgan shaxsiy aviakompaniyasini ochadi.

AQSh rasmiylari ta‘kidlashicha, u dunyoning "qaynoq nuqta"larga qurol yetkazib turgan.

AQSh Davlat departamentining sobiq xodimi Skott Styuartga ko‘ra, Amerika maxsus xizmatlari Viktor But faoliyatini anchadan buyon kuzatib kelishgan.

2 noyabr kuni Nyu-York mahkamasi Viktor Butni Amerika fuqarolarini o‘ldirishni maqsad qilganlik va Amerika hukumati terrorchi deb biladigan guruhlarga zenit raketalarini sotish uchun kelishganlikda aybdor deb topdi.

Hakam hukm 2012 yil 8 fevralida o‘qilishini ma‘lum qildi.

Viktor Butga 25 yildan bir umrlik qamoq jazosigacha bo‘lgan jazo belgilanishi mumkin.

Uning himoyachilari zudlik bilan appelyatsiyaga topshirishlarini bildirishgan.

Viktor Butning xotini Alla eri siyosiy o‘yinlarning qurboni bo‘lganini aytgan.

Ayblov tomoniga ko‘ra esa aksincha chorshanba kuni "adolat qaror topgan va juda xavfli odam panjara ortiga tashlangan" kun bo‘lgan.

Xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari ham Viktor But ustidan hukmni olqishlaganlar.

"Bu juda yaxshi kun - dunyodagi yirik qurol savdogari o‘z faoliyatini tugatdi", -degan Oxfam International tashkilotining raisi Oysten Torsen.

"Lekin afsuslanarli tomoni shundaki, bizda hali ham qurol sotuvchilarning aniq ro‘yxati mavjud emas. Ular hali ham o‘z faoliyatlarini davom ettirishyapti", - degan u.

"O‘lim savdogari" nomini olgan Viktor But shu qadar mashhur bo‘lganki, uni mashhur aktyor Nikolas Keyj o‘ynagan "Qurol baroni" filmi qahramonining prototipi qilib olishgan.

Aytilishicha, Butning ishi ustidan mahkama jarayoni amerika maxsus xizmatlari olib borgan qiyin operatsiyaning xulosasi bo‘lgan.

Ayblovda aytilishicha, o‘zini Kolumbiya jangari guruhining a‘zosi deb tanishtirgan Amerika agentlari 2008 yilda But bilan Bangkokda uchrashib, qurol sotib olishlarini va Kolumbiya hukumatiga yordam berayotgan AQSh armiyasiga qarshi ishlatishlarini aytishadi.

But o‘zining aybsizligini, ularga qurol emas, faqat uchoq sotmoqchi bo‘lganligini aytgan.