Suriya Arab Ligasi a‘zoligidan ajralishi mumkin

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Qurbonlarning ko‘pi to‘qnashuvlar davom etayotgan Baba Amr hududidan ekanligi aytilmoqda

Suriya shaharlaridagi zo‘ravonliklarda yana insonlar halok bo‘lgan.

Suriyada mamlakat xavfsizlik kuchlari va hukumatga qarshi namoyishchilar o‘rtasida bo‘lgan yangi to‘qnashuvlarda kamida 19 odam o‘ldirilgani aytilmoqda.

Namoyishlarning yangi to‘lqini xavfsizlik kuchlari tomonidan Homs shahrida bo‘lgan namoyishda 27 kishining o‘ldirilganidan bir kun o‘tib boshlangan.

Homsdagi muxolifat faoli Majid Amirning Assosheyted press agentligi muxbiriga aytishicha, ertalabki namoz vaqtida boshlangan portlashlardan mahalliy machit devorlari larzaga kelgan.

"Bu necha kunlardan buyon tinimsiz davom etmoqda" deb aytgan u.

Qurbonlarning ko‘pi Homsning to‘qnashuvlar davom etayotgan Baba Amr hududidan ekanligi aytilmoqda.

Namoyishlar boshlangan shu yilning mart oyidan buyon Suriyada uch mingdan ortiq odam o‘ldirilgan. Hukumat tartibsizliklarda " qurolli jangarilar "va ularni qo‘llab-quvvatlayotgan" chet ellik ekstremistlar"ni ayblagan.

Arab davlatlari Ligasi a‘zolari mamlakatdagi qon to‘kishlarni to‘xtatishni Suriya hukumatidan talab qilmoqdalar.

Aks holda, BBCning Yaqin Sharqdagi muxbiriga ko‘ra, Suriyaning Liga a‘zoligidan chiqarish masalasi ko‘rilmoqda.

O‘tgan kuni chorshanba kuni Arab lavlatlari Ligasi ilgari surgan rejaga ko‘ra hukumat kuchlarini Suriya shaharlaridan olib chiqishi va hukumatning muxolifat bilan muzokaralar olib borilishi ko‘zda tutilgan edi.

Suriya Prezidenti Bashar Asad hukumat kuchlarini Suriya ko‘chalaridan olib chiqish va muxolifat bilan muzokaralar olib borishga va‘da berganiga qaramasdan zo‘ravonliklar hamon davom etmoqda.

Shanba kuni Arab Ligasi davlatlari bosh kotibi Nabil al-Arabi kelishilgan reja bajarilmasa " Suriya uchun fojeali oqibatlarga olib kelishini" aytgan.

Yakshanba kungi qon to‘kilishlaridan so‘ng Arab davlatlari Ligasi 12 noyabrda shoshilinch yig‘ilish o‘tqazishni ma‘lum qilgan.

Frantsiya Tashqi Ishlar vaziri Alen Jyupe "Oxirgi voqealar bu rejimdan boshqa hech narsani kutish kerakmasligini ko‘rsatgan" deb aytgan.